Jahon | 08:48
364
2 daqiqa o‘qiladi

YeI ukrainalik erkaklar uchun vaqtinchalik himoya maqomini cheklashi mumkin

Yevropa Ittifoqi 2028 yilgacha ukrainalik qochqinlar uchun vaqtinchalik himoya maqomini uzaytirishni ko‘rib chiqmoqda. Biroq muhokamalar doirasida harbiy xizmatga chaqiruv yoshidagi erkaklarga nisbatan ayrim cheklovlar joriy etilishi mumkin.

Foto: John Thys/AFP/Getty Images

DW manbalariga ko‘ra, Yevropa komissiyasi iyul oyida ukrainalik qochqinlar uchun vaqtinchalik himoya maqomini 2028 yilgacha uzaytirish bo‘yicha rasmiy taklifni taqdim etishi mumkin.

Masala 4 iyun kuni Lyuksemburgda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi Adliya va ichki ishlar kengashi yig‘ilishida muhokama qilinishi kutilmoqda. Manbalarning aytishicha, muhokamalar davomida harbiy xizmatga chaqiruv yoshidagi ukrainalik erkaklarga nisbatan cheklovlar kiritish varianti ham ko‘rib chiqiladi.

Ukrainaliklar uchun vaqtinchalik himoya direktivasi 2022 yil mart oyida, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan so‘ng ishga tushirilgan edi. Uning amal qilish muddati bir necha bor uzaytirilgan bo‘lib, hozirgi kunda 2027 yil martigacha amal qiladi.

Yevropa Ittifoqining ukrainaliklar bo‘yicha maxsus vakili Ilva Yoxansson avvalroq ushbu maqomni 2028 yilgacha uzaytirish imkoniyati muhokama qilinayotganini ma’lum qilgan edi.

DW bilan suhbatlashgan yevropalik diplomatlar fikricha, chaqiruv yoshidagi erkaklar vaqtinchalik himoya dasturidan chiqarilishi mumkin. Ular buni Ukraina qonunchiligiga muvofiq harbiy xizmatga majbur bo‘lgan erkaklarning mamlakatni tark etishi cheklangani bilan izohlamoqda.

Shu bilan birga, ehtimoliy cheklovlar asosan Yevropa Ittifoqiga yangi keladigan qochqinlarga nisbatan qo‘llanishi mumkin. Agar shunday qaror qabul qilinsa, hozirda YeI hududida bo‘lib turgan ukrainalik erkaklar vaqtinchalik himoya maqomidan mahrum etilmasligi mumkin.

Hozircha bu masala bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Yevropa komissiyasi iyul oyida o‘z rasmiy pozitsiyasini e’lon qilishi, shundan so‘ng qaror Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid