Pokiston bilan doimiy to‘qnashuvlar fonida “Tolibon” Rossiya bilan harbiy hamkorlik masalasini muhokama qilyapti. Kun tartibida asosan havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berish va harbiy texnikalarni ta’mirlash masalasi turgani aytilyapti. Kun.uz siyosiy tahlilchilardan bu hamkorlikning Markaziy Osiyo uchun ahamiyati haqida so‘radi.

Rossiyaning “Tolibon” bilan harbiy hamkorligi Markaziy Osiyodagi kuchlar muvozanatiga qanday ta’sir qiladi?

Kamoliddin Rabbimov: “Tolibon” siyosiy tizimi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida hozircha sifat jihatidan yuqori darajadagi hamkorlik shakllanmagan. Mavjud aloqalar asosan cheklangan va ko‘proq ritorik xarakterga ega. Ya’ni tomonlar o‘zaro do‘stlikni ta’kidlovchi bayonotlar bilan chiqmoqda: “siz bizning do‘stimizsiz, biz sizning do‘stingizmiz” qabilidagi siyosiy nutqlar ustunlik qilmoqda.

Rossiya tomonidan “Tolibon” ixtiyoridagi eski harbiy texnikalarni, jumladan, tank va artilleriya vositalarini ta’mirlash bo‘yicha ayrim hamkorlik mavjud. Biroq bu “Tolibon”ni yangi harbiy qudratga aylantirmaydi. Bunday loyihalar, birinchidan, moliyaviy jihatdan to‘liq ta’minlanishi kerak, ikkinchidan, Rossiya bu xizmatlarni bepul amalga oshirmaydi. Shuningdek, bu mablag‘larni kim va qanday shaklda to‘lashi masalasi ham ochiq qolmoqda.

Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, siyosiy kelishuvlarning katta qismi dastlab tantanali uchrashuvlar va bayonotlar bilan imzolanadi, biroq keyinchalik ularning muhim qismi to‘liq amalga oshmaydi yoki qadrsizlanadi. Rasmiy tashriflar davomida iliq kutib olish, mehmondo‘stlik muhitini yaratish orqali do‘stona aloqalar namoyish etiladi, ammo bu har doim ham real strategik hamkorlikni anglatmaydi.

Bugungi kunda hech bir yirik davlat “Tolibon”ni kuchli geosiyosiy yoki harbiy ittifoqchiga aylantirishga jiddiy intilayotgani kuzatilmaydi. Dastlab Xitoy tomonidan ehtiyotkor qiziqish bo‘lgan bo‘lsa-da, hozirgi vaziyatda “Tolibon” atrofida ikki asosiy geosiyosiy kesishuv mavjud: yuqori darajada AQSh va Xitoy raqobati, mintaqaviy darajada esa Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi qarama-qarshilik.

Tarixiy jihatdan qaralganda Afg‘oniston hududi tashqi kuchlar uchun murakkab maydon bo‘lib kelgan. Bu yerga kirgan yirik davlatlar – Britaniya imperiyasi, Sovet Ittifoqi va AQSh uzoq davom etgan harbiy harakatlardan so‘ng sezilarli yo‘qotishlar bilan chiqib ketgan. Shu bois siyosatshunoslar orasida Afg‘oniston ko‘pincha “imperiyalar qabristoni” deb ataladi.