Texnologiya | 08:15
1650
3 daqiqa o‘qiladi

2030-yillarda yangi tish o‘stiruvchi dori bozorga chiqishi mumkin

Yaponiya olimlari insonlarda yangi tishlar o‘sishini rag‘batlantirishi mumkin bo‘lgan innovatsion preparatni sinovdan o‘tkazmoqda. Mutaxassislar ushbu texnologiya kelajakda tish implantlariga ehtiyojni qisman kamaytirishi mumkin deb hisoblamoqda.

Sun’iy intellekt yaratgan surat

Yaponiyaning Toregem BioPharma startapi inson organizmida qo‘shimcha tishlar o‘sishini cheklab turuvchi USAG-1 oqsilini bloklaydigan preparat ishlab chiqdi.

Tadqiqotchilarning fikricha, mazkur dori organizmda mavjud bo‘lgan, ammo faollashmagan tish kurtaklarini «uyg‘otishi» va yangi tishlar o‘sishiga turtki berishi mumkin.

Loyiha doirasida olimlar dastlab maxsus gen o‘chirilgan sichqonlarda tajriba o‘tkazgan. Natijada ularda qo‘shimcha tishlar paydo bo‘lgan. Keyinchalik preparat boshqa hayvonlarda ham sinovdan o‘tkazilgan.

2024 yil oxiridan buyon Kioto universiteti shifoxonasida preparatning insonlardagi klinik sinovlari boshlangan. Tadqiqotda kamida bitta tishi yo‘q 30 nafar katta yoshli erkak ishtirok etmoqda.

Hozircha sinovlarning yakuniy natijalari e’lon qilinmagan. Olimlar ushbu bosqichda ishtirokchilarda yangi tishlar o‘sishi ehtimoli past ekanini, asosiy maqsad preparat xavfsizligini baholashdan iboratligini ta’kidlamoqda.

Agar dori xavfsiz deb topilsa, keyingi bosqichda u ikki yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan, tug‘ma ravishda tishlari yetishmaydigan bolalarda sinovdan o‘tkaziladi.

Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, har ming kishidan taxminan bittasida oltita yoki undan ortiq tishning tug‘ma ravishda yo‘qligi kuzatiladi. Bu holat ovqat chaynashga qiyinchilik tug‘dirishi bilan birga, bolalar va o‘smirlarda psixologik muammolarni ham keltirib chiqaradi.

Ayrim mustaqil ekspertlar hatto yangi tishlar o‘sgan taqdirda ham ular noto‘g‘ri joylashishi mumkinligini aytmoqda. Biroq tadqiqotchilar bunday holatlarda ortodontik davolash usullari yordam berishini ta’kidlamoqda.

Agar klinik sinovlar muvaffaqiyatli yakunlansa, Toregem BioPharma kompaniyasi preparatni 2030-yillarda bozorga chiqarishni rejalashtirmoqda. Avvaliga u tug‘ma tish yetishmovchiligi bo‘lgan bolalarni davolashda qo‘llanishi, keyinchalik esa kariyes yoki jarohat tufayli tishlarini yo‘qotgan kattalar uchun ham moslashtirilishi mumkin.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid