Jahon | 08:51
930
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya fuqaroligini olgan chet elliklar soni rekord darajaga yetdi

2025 yilda Germaniya fuqaroligini 332,5 ming nafar chet ellik oldi. Bu so‘nggi 25 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, fuqarolik olganlar orasida suriyaliklar, turkiyaliklar va rossiyaliklar yetakchilik qildi.

Foto: picture alliance

Germaniya Federal statistika idorasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda mamlakat fuqaroligini olgan chet elliklar soni 332,5 ming nafarni tashkil etgan. Bu 2024 yilga nisbatan 14 foizga ko‘p bo‘lib, 2000 yildan buyon qayd etilgan eng yuqori natija hisoblanadi.

Fuqarolik olganlar orasida eng katta ulushni suriyaliklar tashkil etgan — 65,6 ming kishi. Keyingi o‘rinlarda Turkiya va Rossiya fuqarolari joylashgan bo‘lib, ularning soni mos ravishda 34,1 ming va 19,7 ming nafarga yetgan.

Ekspertlar Turkiya va Rossiya fuqarolari orasida naturalizatsiyaning keskin o‘sishini Germaniya fuqarolik qonunchiligi liberallashtirilgani bilan izohlamoqda. 2024 yil iyunidan boshlab chet elliklarga o‘z vatani fuqaroligidan voz kechmasdan Germaniya pasportini olish huquqi berilgan. Shuningdek, mamlakatda qonuniy yashashning minimal muddati sakkiz yildan besh yilga qisqartirilgan.

Shu bilan birga, 2025 yilda Germaniyaga ko‘chib kelganlar soni ham kamaygan. Mamlakatga 1,48 million kishi kelgan bo‘lsa, 1,25 million kishi uni tark etgan. Natijada sof migratsiya ko‘rsatkichi 230 ming kishini tashkil etib, bir yil oldingi davrga nisbatan 45 foizga pasaygan.

Statistikaga ko‘ra, Germaniya fuqarolari 2025 yilda asosan Shveytsariya, Avstriya va Ispaniyaga ko‘chib ketgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid