Texnologiya | 23:02 / 06.06.2026
536
2 daqiqa o‘qiladi

ChatGPT foydalanuvchilari soni uch yilda bir milliardga yetdi

Ushbu natijaga erishish uchun Google Maps, TikTok va YouTube’ga besh yildan sakkiz yilgacha vaqt kerak bo‘lgandi.

Foto: REUTERS

Uch yil ichida oyiga bir milliard faol foydalanuvchi — bu ko‘rsatkich ChatGPT’ni tarixdagi eng tez ommalashgan ilovaga aylantirdi. Ushbu natijaga erishish uchun Google Maps, TikTok va YouTube’ga besh yildan sakkiz yilgacha vaqt kerak bo‘lgandi.

Bu ixtisoslashgan konsalting kompaniyasining hisob-kitobi asosidagi ma’lumot bo‘lib, unda faqat mobil ilovadan foydalanuvchi faol auditoriya inobatga olingan hamda veb-versiya va dasturchilar uchun interfeys hisobga olinmagan.

Shu bilan birga, hisob-kitoblarda ilovani har kuni ertalab ochadigan odam bilan undan bir oyda bir marta foydalanganlar ham bir xil tarzda hisoblangan.

Yana bir jihat — o‘sish sur’ati. Agar ChatGPT bir yil ichida 62 foizga o‘sgan bo‘lsa, uning asosiy raqobatchisi bo‘lgan Anthropic kompaniyasining 56 million foydalanuvchiga ega Claude ilovasi 640 foizlik o‘sishni namoyish etmoqda.

Ayni paytda ChatGPT ommaviy segmentda ustunlik qilmoqda, Claude esa dasturchilar orasida va korporativ muhitda mustahkam o‘rin egallagan.

Har ikki kompaniya bir-biridan bir necha haftalik farq bilan birjaga chiqishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid