Jahon | 09:00
1007
3 daqiqa o‘qiladi

Armanistondagi saylovlarda Pashinyan partiyasi yetakchilik qilmoqda

Armanistonda 7 iyun kuni mamlakatning kelgusi tashqi siyosiy yo‘nalishini belgilab berishi mumkin bo‘lgan parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan byulletenlarning 55,95 foizi qayta ishlanganidan so‘ng e’lon qilingan dastlabki natijalarga ko‘ra, bosh vazir Nikol Pashinyan boshchiligidagi «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi 50,86 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda.

Foto: AP

Ikkinchi o‘rinni arman millatiga mansub rossiyalik tadbirkor Samvel Karapetyan rahbarlik qilayotgan «Kuchli Armaniston» muxolifat alyansi egallab, 23,19 foiz ovoz to‘pladi. Mamlakatning sobiq prezidenti Robert Kocharyan yetakchilik qilayotgan «Armaniston» blogi esa 9,6 foiz natija qayd etdi.

Shuningdek, tadbirkor Gagik Tsarukyan rahbarligidagi «Farovon Armaniston» partiyasi 4,1 foiz ovoz bilan parlamentga o‘tish imkoniyatini saqlab qoldi. Sobiq ombudsman Arman Tatoyan boshchiligidagi «Birlik qanotlari» partiyasi esa 2,3 foiz ovoz oldi.

Saylovlarda ishtirok etish darajasi 58,97 foizni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2018 va 2021 yillardagi parlament saylovlariga nisbatan yuqoriroq bo‘ldi.

Amaldagi bosh vazir Nikol Pashinyan saylov komissiyasi hali ovozlarning beshdan bir qismini ham hisoblab ulgurmagan paytdayoq o‘z partiyasining g‘alabasini e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi hukumatni mustaqil ravishda shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Biroq mazkur bayonot muxolifat vakillari tomonidan keskin tanqid qilindi. Robert Kocharyan boshchiligidagi «Armaniston» blogi buni «hokimiyatni uzurpatsiya qilishga qaratilgan qadam» deb baholadi. Arman Tatoyan esa Pashinyanning bayonotini konstitutsiyaga zid va bosh vazir vakolatlaridan tashqari harakat sifatida talqin qildi.

Saylovlarda jami 18 ta siyosiy kuch ishtirok etdi. Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, partiyalar uchun parlamentga o‘tish to‘sig‘i 4 foizni tashkil etadi. Saylov bloklari uchun esa bu ko‘rsatkich tarkibiga qarab 8 yoki 10 foiz qilib belgilangan.

Armaniston parlamenti hozirda 105 nafar deputatdan iborat bo‘lib, ularning to‘rt o‘rni milliy ozchilik vakillari — yozidiylar, ruslar, kurdlar va assuriylarga ajratilgan.

Bu galgi saylovlar mamlakatning tashqi siyosiy kelajagi nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etmoqda. Nikol Pashinyan hukumati 2025 yilda Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuv kursini qonunchilik darajasida mustahkamladi. Bu esa Yerevan va Moskva munosabatlarida muayyan taranglikni keltirib chiqardi.

Pashinyan Rossiya bilan aloqalarni uzish niyati yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan bo‘lsa-da, muxolifat kuchlari mamlakatning Moskva bilan yaqin hamkorligini saqlab qolish tarafdori sifatida maydonga chiqqan.

Saylovlar arafasida Rossiya Armanistondan import qilinadigan ichimliklar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, gullar va baliq mahsulotlariga nisbatan qator cheklovlar joriy etdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Armanistondagi vaziyatni Ukrainadagi inqiroz boshlanishi oldidan kuzatilgan jarayonlarga o‘xshatgan edi.

Shu bois mazkur saylovlar nafaqat ichki siyosiy kuchlar o‘rtasidagi raqobat, balki Armanistonning G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi geosiyosiy tanlovi sifatida ham baholanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid