Jahon | 21:43 / 07.06.2026
1065
2 daqiqa o‘qiladi

Armanistonda parlament saylovlarida ovoz berish yakunlandi

Mandatlar uchun 16 partiya va ikki blok kurash olib bordi. Ular orasida mamlakatni 2018 yildan buyon boshqarib kelayotgan Nikol Pashinyanning «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi ham bor.

Foto: Anthony Pizzoferrato / AP / TASS

Armaniston Milliy majlisiga saylovlarda ovoz berish yakunlandi. Saylov uchastkalari yopilganidan keyin ovozlarni sanash boshlanadi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, soat 19.00 holatiga 2 503 976 nafar saylovchidan 1 224 957 nafari yoki 48,92 foizi ovoz bergan.

Parlamentga 101 nafar deputat saylanadi. Mandatlar uchun 18 ta siyosiy kuch — 16 partiya va ikki blok kurash olib bordi. Ular orasida 2018 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan va hokimiyatda yana kamida besh yil qolish niyatida bo‘lgan Nikol Pashinyanning «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi ham bor.

G‘arb sotsiologlarining ma’lumotlariga ko‘ra, bosh vazir partiyasini saylovchilarning 37 foizdan kamrog‘i qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Shu bilan birga, muxolifat umumiy hisobda taxminan 49 foiz ovoz to‘plashi mumkin: «Kuchli Armaniston» — 26 foiz, «Armaniston» — 12 foiz, «Farovon Armaniston» — 6 foiz, «Birlik qanotlari» — 5 foiz.

Agar partiyalardan birortasi ham saylovchilar ovozining 50 foizini ololmasa va hukmron koalitsiya tuzishga muvaffaq bo‘lmasa, 28 kundan keyin ikkinchi tur o‘tkaziladi. Unda birinchi turda eng ko‘p ovoz to‘plagan ikki siyosiy kuch ishtirok etadi. G‘olib avtomatik ravishda deputatlik mandatlarining 54 foizini — parlamentdagi barqaror ko‘pchilikni — qo‘lga kiritadi va Vazirlar Mahkamasi tarkibini mustaqil shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid