O‘zbekiston | 17:24
2566
2 daqiqa o‘qiladi

Iyun ko‘p yondirmaydi

Joriy haftada iyun uchun nisbatan salqin ob-havo hukm suradi. Kunduzi havo harorati +32...+37° atrofida bo‘lib, kechalari va tonggi soatlarda yoqimli salqinlik saqlanadi. Dam olish kunlarida esa qisqa muddatli jazirama kuzatilishi mumkin. Iyunning uchinchi haftasidan boshlab mamlakatning ko‘plab hududlarida namgarchilik oshishi kutilmoqda.

Hafta davomida kutilayotgan ob-havo prognozlarini iqlimshunos Erkin Abdulahatov bilan jonli efirda tahlil qilamiz.

Hafta davomida atmosfera jarayonlari O‘zbekiston hududida nisbatan barqaror bo‘lib qoladi. Asosiy yog‘ingarchiliklar tog‘li hududlarda saqlanishi kutilmoqda. Seshanba kundan boshlab esa Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli jala yog‘inlar kuzatilishi mumkin.

Havo harorati ish kunlari davomida mavsumiy me’yor atrofida bo‘lib, aholi uchun nisbatan qulay sharoit yaratadi. Faqat hafta oxirida mintaqaga issiq havo oqimi kirib kelishi natijasida qisqa muddatli jazirama kuzatilishi ehtimoldan xoli emas.

O‘rta muddatli prognozlar esa iyunning uchinchi haftasi mamlakatning katta qismida namgarchilikning kuchayishiga ishora qilmoqda. Ayrim hududlarda jala yog‘inlar va momaqaldiroqli jarayonlar takrorlanishi mumkin.

Qishloq xo‘jaligi uchun e’tiborlisi – kelayotgan o‘n kunlik davomida shamolli kunlarning tez-tez takrorlanishi kutilmoqda. Bu ayniqsa sug‘orish, kimyoviy ishlov berish va ayrim agrotexnik tadbirlarni rejalashtirishda hisobga olinishi lozim.

Ayni paytda Jahon meteorologik tashkiloti tomonidan e’lon qilingan yozgi mavsumiy prognozlarda ham Markaziy Osiyo hududi uchun yog‘in miqdori asosan iqlimiy me’yorga yaqin bo‘lishi, ayrim joylarda esa me’yordan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilishi mumkinligi ta’kidlangan. Bu esa joriy yozning ayrim davrlarida namlik zaxiralari nisbatan yaxshiroq shakllanishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Шокир Шарипов
Tayyorlagan Шокир Шарипов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid