Jahon | 09:30
1242
3 daqiqa o‘qiladi

«Artemida-3» uchun astronavtlar tanlandi

NASA 2027 yilga mo‘ljallangan «Artemida-3» missiyasida ishtirok etadigan to‘rt nafar astronavt nomini ma’lum qildi. Ekipaj tarkibiga uch nafar amerikalik va bir nafar italiyalik astronavt kiritildi.

Foto: Brandon Bell/Getty Images

AQShning Milliy aeronavtika va fazoni tadqiq etish boshqarmasi (NASA) «Artemida-3» oy dasturi doirasida ishtirok etadigan ekipaj a’zolarini rasman tanishtirdi. E’lon 9 iyun kuni Texas shtatining Xyuston shahrida joylashgan Jonson kosmik markazida bo‘lib o‘tdi.

NASA ma’lumotiga ko‘ra, missiyada amerikalik astronavtlar Andre Duglas, Frenk Rubio va Rendi Bresnik, shuningdek, italiyalik astronavt Luka Parmitano ishtirok etadi.

Yevropaning birinchi vakili italiyalik bo‘ldi

Avvalroq Yevropa kosmik agentligi (ESA) NASAning oy dasturida ishtirok etadigan birinchi yevropalik astronavt Germaniya vakili bo‘lishini bildirgan edi. Asosiy nomzodlar sifatida geofizik va vulqonshunos olim, astronavt Aleksander Gerst hamda muhandis va astronavt Mattias Maurer ko‘rib chiqilgan.

Biroq ESA rahbari Yozef Ashbaxerning aytishicha, NASA missiya uchun maxsus sinovchi-uchuvchi (test pilot) malakasiga ega astronavtni izlagan. Yevropa astronavtlari korpusida bunday tajribaga ega yagona nomzod Luka Parmitano bo‘lgani uchun tanlov unga tushgan.

Missiya Oyga qo‘nishni o‘z ichiga olmaydi

Dastlab «Artemida-3» dasturi insonni yana Oy yuzasiga olib chiqish maqsadida rejalashtirilgan edi. Biroq NASA 2026 yil fevral oyida missiya konsepsiyasiga o‘zgartish kiritilganini ma’lum qildi.

Yangi rejaga ko‘ra, ekipaj Oyga qo‘nmaydi. Astronavtlar Yerning past orbitasida turib, SpaceX va Blue Origin kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilayotgan oy qo‘nish modullari bilan tutashish amaliyotlarini sinovdan o‘tkazadi.

NASA «Artemida-3» missiyasini 2027 yilda uchirishni rejalashtirmoqda. Insonning Oy yuzasiga navbatdagi qo‘nishi esa hozircha 2028 yilga qoldirilgan.

«Artemida-2» tarixi

Joriy yil aprel oyida «Artemida-2» missiyasi ishtirokchilari Yerga muvaffaqiyatli qaytgan edi. NASA astronavtlari Rid Uaysmen, Viktor Glover va Kristina Kuk hamda Kanada kosmik agentligi astronavti Jyeremi Xansen ishtirok etgan mazkur missiya doirasida «Orion» kemasi Oy atrofini aylanib chiqqan.

Missiya vaqtida yangi rekord ham o‘rnatilgan. Astronavtlar Yerdan 407 ming kilometr uzoqlikkacha borib, insoniyat tarixidagi eng uzoq masofaga chiqqan odamlar sifatida qayd etilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid