Jamiyat | 11:35
974
2 daqiqa o‘qiladi

Qariyb 900 mln so‘mlik sifatsiz va hujjatsiz dorilar aniqlandi

Namangan viloyati va Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida umumiy qiymati qariyb 900 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan, hujjatsiz va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari aniqlanib, muomalaga kiritilishining oldi olindi.

Foto: Telegram / Department_uz

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangiqo‘rg‘on tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “I.Sh.” MChJ rahbari B.Yu. “Yangiobod” MFY hududida joylashgan dorixonasida umumiy bahosi 452 mln so‘mlik 1 011 turdagi sifatini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud bo‘lmagan dori vositalarini savdoga qo‘yganligi aniqlandi. Mazkur dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuningdek, Departamentning Sergeli tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda “Y.Ph.” MChJ rahbari M.Sh. Yangihayot tumanidagi dorixonasida “Tesentrik” nomli dori vositasini 9 150 AQSh dollariga shifokor retseptisiz sotgan vaqtida ushlandi. Tadbir davomida dorixonadan umumiy bahosi 309,3 mln so‘mlik 41 turdagi sifati kafolatlanmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari ham ashyoviy dalil sifatida olindi.

Yana bir holatda, “Ph.P.” MChJ mas’ul shaxslari tomonidan dori vositalarini qadoqlash sexida umumiy bahosi 139,4 mln so‘mlik davlat reyestrida qayd etilmagan, muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan hamda yaroqlilik muddati o‘tgan 100 turdagi dori vositalari saqlab kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu mahsulotlar ham ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid