Jahon | 16:47
3976
5 daqiqa o‘qiladi

Ukraina «Flamingo» raketalari bilan Cheboksarga zarba berdi

Raketalar chegaradan 1000 kilometr masofadagi nishonlarga yetib borgan. Qrim va Rossiyaning 19 regioni uzra dronlar urib tushirilgan. Urush boshidan buyon ilk bor Omsk oblastida havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar chalingan.

Foto: Videodan kadr

Ukraina 10 iyunga o‘tar kechasi dron va raketalar orqali Rossiyadagi nishonlar bo‘ylab yopirilma zarba yo‘lladi. RF mudofaa vazirligiga ko‘ra, Rossiyaning 19 ta regioni va anneksiya qilingan Qrim hududida dronlar urib tushirilgan. Ural federal okrugining barcha oltita regionida va urush boshidan buyon ilk marta Omsk oblastida ham havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar yangragan.

Cheboksarga raketa hujumi amalga oshirildi, deb xabar berdi Chuvashiya rahbari Oleg Nikolayev. Uning so‘zlariga ko‘ra, uch kishi yaralangan – shundan ikkitasining ahvoli o‘rta darajadagi og‘irlikda, uchinchisining jarohati yengil. Astra telegram-kanali zarba berilgan joyda olingan foto va videolarni o‘rgangan holda hujum nishoni «VNIIR-Progress» korxonasi bo‘lganini ma’lum qilgan. Bu zavodda dronlar, shuningdek, qanotli va ballistik raketalar uchun «Kometa» navigatsiya modullari ishlab chiqariladi. Ushbu korxona oldin ham hujumga uchragan – bu yerga 2025 yil noyabrida va 2026 yil may oyi boshida zarba berilgandi.

Cheboksar
Exilenova+
Cheboksar, «VNIIR-Progress»
Volodimir Zelenskiyning telegram-kanali

Samara oblastida ham ukrain dronlari hujumi oqibatida uch kishi yaralandi. Region rahbari Vyacheslav Fedorishchevga ko‘ra, bir necha sanoat korxonalarda shikastlanishlar qayd etilgan, ammo tafsilotlar keltirilmagan.

Samara
Exilenova+

Astra nashri yozishicha, hujum oqibatida «Rosneft»ga tegishli hisoblangan Kuybishev neftni qayta ishlash zavodi yonib ketgan. Bu Volga bo‘yidagi yetakchi neftni qayta ishlash zavodlaridan biri bo‘lib, u eng yuqori ekologik standartlarga ega benzin va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Kuybishev neftni qayta ishlash zavodi
Volodimir Zelenskiyning telegram-kanali

Vladimir oblasti gubernatori Aleksandr Avdeyev esa ukrain dronlari zarbasi oqibatida Kameshkovskiy va Aleksandrovskiy okruglarida ikki obektda (Avdeyev bular aynan qanday obektlar ekaniga aniqlik kiritmagan) yong‘in chiqqani haqida xabar bergan. Jabrlanganlar yo‘q. Astra va ukrainlarning Exilenova+ telegram-kanali yozishicha, bu hududlarda Vtorovo va Lobkovo neft haydash stansiyalari hujumga uchragan. Ular «Transneft» tuzilmasi tarkibiga kiradi va boshqa hududlar qatori Moskva oblastiga ham yoqilg‘i yetkazib beradi.

Vladimir
Supernova+

Sevastopolda ukrain dronlari «Sevastopol mudofaasi 1854–1855 yillar» panoramasi binosiga zarar yetkazdi, deya xabar berdi shaharning Rossiya tomonidan tayinlangan gubernatori Mixail Razvojayev.

Mixail Razvojayev telegram-kanali

Panorama XX asr boshida rassom Frans Rubo tomonidan yaratilgan. U o‘z asariga syujyet sifatida 1855 yil 6 iyun kuni Malaxov qo‘rg‘oniga qilingan hujum qaytarilishini tanlagan. 1942 yilda panorama binosida nemislar aviatsiyasi va artilleriya kuchlari zarbalari oqibatida yong‘in ro‘y bergan. Polotnaning uchdan bir qismi vayron bo‘lgan, omon qolgan uchdan ikki qismi bo‘laklarga ajratilib, olib ketilgan. Keyinroq sovet rassomlari kartinani tiklashgan.

Razvojayev 10 iyun kuni tongida Frans Ruboning panoramasi ukrain dronlarining tungi hujumi oqibatida «deyarli yakson bo‘lgani» haqida xabar berdi. Biroq Sevastopol mudofaa muzeyidagilar aniqlik kiritib, asl polotnoning saqlanib qolgan qismlari shikastlanmagani, ular boshqa xonalarda saqlanishini ma’lum qilishdi. Panorama binosida sovet rassomlari tomonidan chizilgan polotno mavjud. Muzey xodimlari uning shikastlanish darajasini ekspertiza o‘tkazilgandan so‘ng baholashi mumkin.

Muzeydan xabar berishlaricha, «operativ vaziyat» tufayli shaharda Sevastopolning 243 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bekor qilingan. Uni 14 iyun kuni Malaxov qo‘rg‘onida o‘tkazish rejalashtirilgan edi.

Volodimir Zelenskiy o‘z chiqishida Ukraina Rossiya harbiy obektlari va neft sanoatiga qarshi «uzoq masofali sanksiyalarni qo‘llash»da davom etayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Cheboksarga Ukrainaning FP-5 «Flamingo» rusumli raketalari uchib borgan. Cheboksardan Ukraina chegarasigacha bo‘lgan masofa to‘g‘ri chiziq bo‘ylab kamida 1000 kilometrni tashkil etadi.

Samara oblastidagi Kuybishev neftni qayta ishlash zavodi hamda Vladimir oblastidagi ikkita neft infratuzilma obektiga aniq zarba berilgan, deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Rossiya mudofaa vazirligi xabarida keltirilishicha, kun davomida havo hujumidan mudofaa kuchlari «Flamingo» rusumli to‘rtta qanotli raketa hamda 766 ta dronni urib tushirgan.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid