O‘zbekiston | 20:19
2107
7 daqiqa o‘qiladi

Renovatsiya qonuni: rozilik olish va kompensatsiya tartiblari belgilandi

Eskirgan uylar va noturar joylar o‘rnida yangilarini qurish haqidagi taklif ko‘rib chiqilishi uchun mulkdorlarning kamida 80 foizining roziligi talab etiladi. Agar ko‘p kvartirali uy avariya holatiga kelib qolgan bo‘lsa, rozilik chegarasi 80 foizga yetishi shart emas. Kelishuvga erishilmagan huquq egalari bilan bog‘liq masala sud tartibida hal etiladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyun kuni “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Qonun – eskirgan uylar va noturar joylar o‘rnida yangilarini barpo etishni ko‘zda tutuvchi loyihalarni amalga oshirish qoidalarini belgilaydi.

Hujjatdagi ta’rifga ko‘ra, shaharsozlik renovatsiyasi – hududni me’moriy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan yaxshilash, hududdagi bino-inshootlarni yashash uchun qulay va energiya samarador holatga keltirish demakdir.

Qonun 6 oydan keyin – 2026 yil 12 dekabrdan kuchga kiradi.

Renovatsiya uchun asoslar

Hujjatga ko‘ra, shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

  • hududda joylashgan turar va noturar joylarning eskirgani, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lib, avariya holatiga kelib qolgani;
  • hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlarning mavjudligi.

Renovatsiya doirasida mavjud obektlar asosiy konstruksiyasini o‘zgartirmasdan rekonstruksiya qilinishi va/yoki mavjud obektlar buzilib, o‘rnida xuddi shu toifadagi yangi obektlar qurilishi mumkin. Shuningdek, renovatsiya asosida yashil hududlar va boshqa hududiy zonalar tashkil etishga ham yo‘l qo‘yiladi.

Huquq egalaridan rozilik olish

Qonunda renovatsiya zonasidagi ko‘chmas mulk obektlarining egalari va yer uchastkalariga nisbatan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy foydalinish, ijara (ikkilamchi ijara huquqi bundan mustasno), mulk huquqi yoki boshqa huquq turi asosida egalik qilayotgan jismoniy yoki yuridik shaxslar “huquq egalari” atamasi ostida birlashtirilgan.

Renovatsiya loyihasi hududiy hokimlik tomonidan ko‘rib chiqishga qabul qilinishi uchun huquq egalarining kamida beshdan to‘rt qismining notarial tasdiqlangan yozma roziligi talab etiladi.

Agar renovatsiya hududidagi ko‘p kvartirali uy vakolatli organ tomonidan avariya holatiga kelib qolgan yoki mazkur uyda yashash fuqarolar hayoti va xavfsizligiga xatarli deb topilgan taqdirda, huquq egalarining kamida beshdan to‘rt qismi uni yoqlab ovoz bermagan bo‘lsa ham ushbu qonunga asosan ko‘p kvartirali uyni shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritish yuzasidan taklif kiritilishi mumkin.

Qolgan holatlarda loyiha tashabbuskori har bir obekt bo‘yicha huquq egalarining umumiy yig‘ilishini o‘tkazishi va ularning kamida beshdan to‘rt qismi bilan notarial tasdiqlangan dastlabki bitim tuzish orqali rozilik olishi kerak. Bu bitimda kelishilgan kompensatsiya shakli va miqdori ko‘rsatilishi shart.

Huquq egalaridan yozma rozilikni olish chog‘ida ko‘chmas mulkni muayyan muddatga boshqa shaxsga o‘tkazmaslik yuzasidan ham rozilik olinadi.

Loyiha tasdiqlangach, qolgan huquq egalari bilan kelishuv bitimiga erishilmagan taqdirda yoki huquq egasining kimligi noaniq bo‘lgan holatda, bu masala sud tartibida ko‘rib chiqiladi.

Kelishuvga rozi bo‘lmagan huquq egasini suddan tashqari bitimga majburlash, uning o‘z mulkini erkin tasarruf etishiga to‘sqinlik qiladigan sharoitga tushirib qo‘yish, shu jumladan kommunikatsiya tarmoqlaridan (elektr, gaz va boshqalar) uzib qo‘yish yoki mulkiga kirishini to‘sib qo‘yish taqiqlanadi.

Kompensatsiya miqdori va shakllari

Huquq egasi o‘z xohishiga ko‘ra kompensatsiya olishi yoki renovatsiya loyihasida hissa qo‘shuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.

Huquq egasiga quyidagilar kompensatsiya qilib beriladi:

  • ko‘chmas mulk obekti va yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati;
  • yer uchastkasida joylashgan ko‘p yillik dov-daraxtlarning bozor qiymati;
  • ko‘chish va boshqa obektni vaqtichalik ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlar;
  • yer uchastkasi va unda joylashgan obektlardan foydalanish natijasida olinishi mumkin bo‘lgan boy berilgan ikki yillik foyda;
  • kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa xarajat va zararlar.

Sanab o‘tilgan kompensatsiyalar miqdorini baholash standartlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilanadi.

Xususiylashtirilgan yer uchastkalari ularning mulkdorlari bilan kelishuv asosida qayta sotib olish orqali renovatsiya dasturiga kiritilishi mumkin.

Kompensatsiyalar miqdori o‘zaro kelishuv bitimiga binoan belgilanadi. Bunday bitimga erishilmagan taqdirda, kompensatsiyalar miqdori sud tartibida belgilanadi.

Renovatsiya munosabati bilan huquq egalariga yetkazilgan noqulayliklar uchun qo‘shimcha ravishda direksiya tomonidan huquq egasiga aniqlangan kompensatsiya miqdorining 12 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov sifatida bir martalik pul beriladi.

Kompensatsiya quyidagi shakllarda bo‘lishi mumkin:

  • renovatsiya hududida yangi quriladigan turar va noturar joy toifasidagi obektni mulk qilib berish;
  • boshqa joydan turar va noturar joy toifasidagi obektni mulk qilib berish;
  • pul mablag‘lari;
  • kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa shakllar.

Kompensatsiya shakli tomonlarning o‘zaro kelishuviga muvofiq ixtiyoriy ravishda tanlanadi.

Turar va noturar joy toifasidagi obekt kompensatsiya sifatida berilganda, ushbu beriladigan uy-joy maydoni huquq egasining renovatsiya qilinayotgan uy-joy maydonidan kam bo‘lmasligi, yashash uchun tayyor holda topshirilishi va birinchi navbatda pastki qavatlardan taklif etilishi kerak.

Renovatsiyaning boshqa majburiy shartlari

Ijtimoiy va infratuzilma obektlariga qo‘shimcha yuklamani kompensatsiya qilish bilan bog‘liq xarajatlar renovatsiya loyihasida nazarda tutiladi hamda mazkur xarajatlar renovatsiya loyihasini amalga oshirish qiymatiga qo‘shib hisoblandi.

Renovatsiya loyihasida qamrab olingan hududning kamida to‘rtdan bir qismi yashil zonalardan iborat bo‘lishi kerak.

Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar kimmatbaho navlarining ro‘yxatiga kiritilgan daraxtlar va butalar, shuningdek ularning joylashgan o‘rniga zarar yetkazish taqiqlanadi.

Moddiy madaniy meros obektlari va ularning muhofaza tegralariga shaharsozlik renovatsiyasi bilan zarar yetkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatiga kiritilmagan, biroq tegishli mahalliy hudud va uning aholisi uchun tarixiy, ijtimoiy, iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan joylar hamda obektlarga ham zarar yetkazilmasligi kerak.

Renovatsiya jarayoni renovatsiya loyihasiga kiritilmagan turar va noturar joylar toifasidagi obektlarga zarar keltirishi mumkin emas.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid