Jahon | 14:07
990
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropada AQShga ishonch tarixiy minimumga tushdi

Yevropa tashqi munosabatlar kengashi (ECFR) tomonidan o‘tkazilgan yangi so‘rovnoma Yevropa aholisi orasida AQShga bo‘lgan ishonch sezilarli darajada pasayganini ko‘rsatdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, yevropaliklarning atigi 11 foizi AQShni ittifoqchi davlat sifatida baholamoqda.

Foto: AFP

Bu ko‘rsatkich tarixiy minimum hisoblanadi. Yarim yil avval AQShni ittifoqchi deb biluvchilar ulushi 16 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yil noyabrida, Donald Tramp prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan vaqtda bu raqam 22 foiz bo‘lgan.

Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, Yevropa jamiyati tobora ko‘proq strategik mustaqillik tarafdori bo‘lib bormoqda va AQSh bilan munosabatlarga nisbatan realistik yondashuvni shakllantirmoqda. Shu bilan birga, aksariyat ishtirokchilar Vashington Yevropa hujumga uchragan taqdirda uni himoya qilish uchun kelishiga ishonmasligini bildirgan.

So‘rovnoma G7 va NATO sammitlari arafasida e’lon qilindi. Mutaxassislar bu holatni Donald Trampning tashqi siyosati bilan bog‘lamoqda. Xususan, u Yevropa davlatlariga qarshi tariflar joriy etgan, NATOdagi hamkorlarni mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirgan va bir necha bor Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish g‘oyasini ilgari surgan.

Shuningdek, AQShning Germaniyadan harbiy kuchlarni qisqartirish rejalari ham Yevropa davlatlarida xavotir uyg‘otgan. Bu qaror Germaniya kansleri Fridrix Mersning Vashington siyosatiga tanqidiy munosabati fonida qabul qilingani aytilmoqda.

Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen ham avvalroq AQSh bilan munosabatlardagi o‘zgarishlar Yevropaning yangi mustaqillik modelini shakllantirish zarurligini ko‘rsatayotganini ta’kidlagan edi.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Bolgariyadan tashqari barcha mamlakatlarda ishtirokchilarning ko‘pchiligi Tramp prezidentlikdan ketganidan keyin transatlantik munosabatlar yaxshilanishiga ishonishini bildirgan.

Ukraina masalasida esa yevropaliklar Kiyevni qo‘llab-quvvatlash tarafdori ekanini ko‘rsatgan. Biroq ularning katta qismi Ukrainaning hozirgi bosqichda Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi yoki Rossiyaga qarshi mudofaa harakatlarida qatnashish uchun Yevropa qo‘shinlarini yuborish g‘oyasiga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.

Energetika sohasida ishtirokchilar Yevropada energetik inqiroz mavjudligini tan olgan bo‘lsa-da, aksariyat respondentlar Rossiyadan neft va gaz import qilishni qayta tiklashga qarshi chiqqan.

Tadqiqot shuni ham ko‘rsatdiki, o‘tgan yilga nisbatan yevropaliklar mudofaa xarajatlarini oshirishni ko‘proq qo‘llab-quvvatlamoqda. So‘ralganlarning 47 foizi Yevropa Ittifoqi mudofaa loyihalarini moliyalashtirish uchun umumiy qarz jalb qilish tashabbusini ma’qullagan. Shuningdek, ular Yevropa davlatlari AQSh qurollariga qaramlikni kamaytirib, mahalliy harbiy sanoatni rivojlantirishi kerak deb hisoblaydi.

So‘rovnoma 2026 yil may oyida Avstriya, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Litva, Niderlandiya, Polsha, Portugaliya, Fransiya, Shvetsiya va boshqa qator Yevropa davlatlarida o‘tkazilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid