Jahon | 15:18
2472
4 daqiqa o‘qiladi

Kuchli yog‘ingarchilik tufayli Rossiya hududlarini suv bosdi – fotolar

Novgorod oblastida minglab kishilar elektr ta’minotisiz qolgan. Moskvadagi Leningrad vokzaliga suv kirib ketgan. Krasnodarda bolalar yomg‘irdan keyin paydo bo‘lgan ko‘lmaklarda cho‘milyapti. Chelyabinskdagi kommunal xizmatlar ishchilari ko‘chalardan suv oqizib ketgan avtomobil raqamlarini izlamoqda.

Yaroslav Chingayev / Agenstvo «Moskva»

O‘tgan dam olish kunlari Rossiyaning bir necha regionlarida kuchli yomg‘ir yog‘di. Moskvaning ayrim rayonlarida oylik me’yorning deyarli yarmi tushib ulgurgan, dovul oqibatida daraxtlar qulagan, Yangi Arbat, Kutuzovskiy prospekti va boshqa ko‘chalarni, shuningdek, yer osti avtoturargohlarini hamda Leningrad vokzali binosini suv bosgan. OAVning xabar berishicha, Zyuzino rayonida bir kishi suvda sapbordda harakatlanib, haydovchilarga mashinalardan tushishda yordam ko‘rsatishiga to‘g‘ri kelgan (suv sathi eshik o‘rtasigacha yetgan). Moskva yaqinidagi Mitishchada Olimpiya prospektidagi estakada qisman suv ostida qolgan.

Krasnodarda ham 12 iyundan buyon suv toshqinlari kuzatilgan, bu yerda ikki kun to‘xtovsiz yomg‘ir yoqqan. Suv oqimi tufayli ayrim ko‘chalarda harakat to‘xtatilgan. Mahalliy OAV ko‘chalarda qayiqlarda suzib yurgan odamlar va ko‘lmaklarda cho‘milayotgan bolalar aks etgan videolarni e’lon qilmoqda. Yerto‘lalarni suv bosgan. 14 iyun kuni ertalab Krasnodar o‘lkasining Qrim rayonidagi bir necha qishloqlarda to‘g‘on yorilishi tufayli favqulodda holat e’lon qilindi. Kuban rasmiylari Krasnodar, Labinsk va Kalinin rayonlarida kommunal xizmatlar suv bosgan hududlardan suvni tortib olayotgani haqida ma’lum qildi. Ushbu hududlarda jami 108 ta uy atrofi va 84 ta turar joy binosining yerto‘lalarini suv bosgan.

Chelyabinsk ma’muriyati «bunday kuchli yomg‘irni birgina yomg‘ir suvlari kanalizatsiyasi orqali nazorat qilib bo‘lmasligi»ni ta’kidlagan. Shahar ko‘chalarini suv bosgan, avtobuslar poliga suv kirib ketgan. Mahalliy aholi vakillari jurnalistlarga avtomobillar suv ostiga kirib ketayotgani, shahar bo‘ylab harakatlanish qiyinlashgani haqida xabar bergan. Suv ko‘plab avtomobillardagi davlat raqamlari oqizib ketgan.

Sverdlovsk oblastida kuchli yog‘ingarchilik tufayli Shilovka qishlog‘idagi Shaytanka daryosidagi to‘g‘ondan suv toshib chiqqan. Natijada 30 ta uy hovlisini suv bosgan, Nikolo-Pavlovsk qishlog‘ida to‘rtta turar joy binosi zarar ko‘rgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligining Sverdlovsk oblasti bo‘yicha boshqarmasi aholiga boshpanalarda o‘tirishni, eshik va derazalarni mahkam yopishni hamda uylardan chiqmaslikni maslahat berib, shaharga bo‘ron yaqinlashayotgani haqida ogohlantirgan.

13 iyun kuni Novgorod oblastida transformatorni yashin urishi tufayli uch mingga yaqin kishi elektr ta’minotisiz qolgan.

Moskva

Natalya Seliverstova / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia
Yaroslav Chingayev / Agenstvo «Moskva»
Yaroslav Chingayev / Agenstvo «Moskva»
Natalya Seliverstova / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia

Krasnodar 

Krasnodar ma’muriyati
Krasnodar ma’muriyati
Krasnodar ma’muriyati
Krasnodar ma’muriyati

Chelyabinsk 

Chelyabinsk ma’muriyati
Chelyabinsk ma’muriyati

Sverdlovsk oblasti 

Yo‘l harakati xavfsizligi davlat inspeksiyasining Yekaterinburg shahri va Sverdlovsk oblasti bo‘yicha boshqarmasi
Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid