Turizm | 08:18
1000
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa aholisi qaysi mamlakatlarda o‘zini xavfsiz his qiladi?

Yevropa davlatlari orasida aholining tunda yolg‘iz yurganda o‘zini eng xavfsiz his qilishi bo‘yicha Xorvatiya birinchi o‘rinni egalladi. Reyting Numbeo platformasining aholining sub’yektiv xavfsizlik hissiga oid ma’lumotlari asosida tuzilgan.

Foto: AP

Xavfsizlik hissi mamlakatdagi hayot sifatiga ta’sir qiluvchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, fuqarolarning o‘zini xavfsiz his qilishi har doim ham jinoyatchilik bo‘yicha rasmiy statistikaga mos kelavermaydi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday ko‘rsatkichlarga shahar ko‘chalarining yoritilishi, infratuzilma holati, ommaviy axborot vositalaridagi jinoyatlar haqidagi xabarlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining ko‘rinishi kabi omillar ta’sir qiladi.

Numbeo ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa mamlakatlari orasida tunda yolg‘iz sayr qilganda o‘zini eng xavfsiz his qiladigan aholi Xorvatiyada yashaydi. Mazkur mamlakat 75,93 ball to‘plagan.

Reytingning yuqori qismida Sloveniya (73,74 ball), Islandiya (71,55 ball), Chernogoriya (70,46 ball) va Estoniya (69,69 ball) ham o‘rin olgan.

Aksincha, Fransiya aholisi o‘zini eng kam xavfsiz his qiladigan davlatlardan biri sifatida qayd etilgan. Bu mamlakat 35,23 ball bilan reytingning quyi qismida joylashgan.

Eng past ko‘rsatkichlarga ega davlatlar qatoriga Belgiya (40,79 ball), Buyuk Britaniya (41,71 ball), Irlandiya (42,23 ball) hamda Belarus (42,87 ball) kirgan.

Rossiya esa 51 ball bilan reytingning quyi qismiga yaqin joylashgan bo‘lib, Albaniya va Germaniya o‘rtasidan o‘rin olgan.

Tadqiqot mualliflari qayd etishicha, mazkur reyting rasmiy jinoyatchilik darajasini emas, balki aholining shaxsiy xavfsizlik haqidagi tasavvurlari va kundalik tajribasini aks ettiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid