O‘zbekiston | 18:57
676
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident AQShning Air Producs kompaniyasi rahbarini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Air Producs kompaniyasi bosh ijrochi direktori Eduardo Menezesni qabul qildi.

Mamlakatimizda yuqori texnologiyali sanoat korxonalarini barpo etishga faol investitsiya kiritayotgan AQShning mazkur kompaniyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Air Producs sanoat gazlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha jahonning yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lib, uning bozor kapitallashuvi 60 milliard dollardan oshgan. Kompaniya har yili 50 dan ortiq mamlakatda 200 million tonna sanoat gazlarini ishlab chiqarib, 750 ga yaqin ishlab chiqarish obektlarini o‘z ichiga olgan tarmoqni boshqaradi.

Ayni paytda kompaniyaning yurtimizga yo‘naltirgan  investitsiyalarining umumiy hajmi 1 milliard dollardan oshgan. GTL Uzbekistan zavodida sanoat gazlarini qayta ishlash, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida vodorod ishlab chiqarish hamda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida suyuq uglerod dioksidi ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar hamda Toshkent va Qarshi shaharlarida ta’lim dasturlari amalga oshirilgan.

Uchrashuv yakunida kompaniya ishtirokidagi yangi loyihalarni amalga oshirishni “yo‘l xaritasi” asosida jadallashtirish yuzasidan kelishib olindi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid