O‘zbekiston | 18:20
1435
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatchilari uchun qamoqxonaga ekskursiya amaliyoti yo‘lga qo‘yildi

Ekskursiyaning asosiy maqsadi korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning og‘ir oqibatlarini davlat xizmatchilariga bevosita ko‘rsatish ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda davlat xizmatchilari uchun jazoni ijro etish muassasalari hamda tergov hibsxonalariga profilaktik ekskursiya amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.


Qayd qilinishicha, tashabbus 2026 yilga mo‘ljallangan Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha Harakatlar rejasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, ekskursiyaning asosiy maqsadi — korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning og‘ir oqibatlarini davlat xizmatchilariga bevosita ko‘rsatish, har qanday noqonuniy xatti-harakatning muqarrar huquqiy oqibatlari haqida aniq tasavvur shakllantirish, xizmat vakolatidan faqat davlat va jamiyat manfaatlari yo‘lida foydalanish mas’uliyatini oshirish hamda halollik, qonun ustuvorligi tamoyillariga sodiqlikni kuchaytirishdan iborat.


Ekskursiya davomida davlat xizmatchilari tergov xonalari, hibsda saqlash kameralari hamda muassasalarning boshqa infratuzilma obektlari bilan yaqindan tanishtirilgan. Shuningdek, korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazo o‘tayotgan shaxslar bilan muloqotlar tashkil etilgan.


Ta’kidlanishicha, kelgusida bunday ekskursiyalar vazirlik va idoralar rahbarlari hamda korrupsiyaviy xavf darajasi yuqori bo‘lgan sohalardagi xodimlarni bosqichma-bosqich qamrab oladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid