Jamiyat | 09:15
968
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat organi va bank tizimidagi korrupsiya holatlari aniqlandi

Andijon viloyatida davlat organi mansabdori hamda tijorat banki xodimi tomonidan pora talab qilish bilan bog‘liq korrupsiyaviy holatlar fosh etildi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Ma’lum bo‘lishicha, Andijon viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining shu’ba boshlig‘i xizmat mavqeini suiiste’mol qilgan holda fuqarodan pul talab qilgan.

Xususan, Andijon shahridagi savdo do‘konida ichimlik suvidan noqonuniy foydalanilgani oqibatida davlatga qariyb 680 million so‘m zarar yetkazilganligi yuzasidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Shundan so‘ng mansabdor shaxs tanishlari orqali zarar miqdorini qayta hisoblatib, uni kamaytirish hamda ma’muriy chora ko‘rilishida yordam berish evaziga 30 million so‘m talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan mablag‘ni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yana bir holatda aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Asaka tuman filiali Mahallabay ishlash bo‘limi bosh menejeri tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqaroga 3 milliard 650 million so‘m miqdorida kredit olib berishda yordam qilishni va’da qilgan.

Buning evaziga u 8 ming AQSh dollari talab qilib, joriy yilning aprel–may oylarida fuqarodan jami 7 800 AQSh dollari olgan. Keyinchalik va’dasini bajara olmagan bank xodimi mablag‘ning 1 000 AQSh dollarini qaytarib berayotgan vaqtida DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Hozirda har ikki holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid