Jahon | 08:30
2750
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng yirik uran zaxiralari: O‘zbekiston ham ro‘yxatda

Jahondagi aniqlangan uran zaxiralarining katta qismi sanoqli davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, dunyodagi umumiy uran resurslarining yarmidan ko‘pi Avstraliya, Qozog‘iston va Kanada hududida jamlangan.

Foto: AP

2023 yil holatiga ko‘ra, iqtisodiy jihatdan o‘zlashtirish mumkin bo‘lgan jahon uran resurslari hajmi 5,9 million tonnani tashkil etadi. Hisob-kitoblarda bir kilogramm uranni qazib olish xarajati 130 AQSh dollarigacha bo‘lgan konlar inobatga olingan.

Reytingda birinchi o‘rinni Avstraliya egallagan. Mamlakat hududida taxminan 1,7 million tonna uran zaxirasi mavjud bo‘lib, bu dunyo zaxiralarining qariyb 28 foiziga teng. Shu tariqa Avstraliya ushbu strategik xomashyo bo‘yicha mutlaq yetakchi hisoblanadi.

Ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston joylashgan. Mamlakat hissasiga 813,9 ming tonna yoki jahon zaxiralarining 14 foizi to‘g‘ri keladi. Keyingi pog‘onadan Kanada o‘rin olgan bo‘lib, u yerda 582 ming tonna uran mavjud. Bu esa dunyo resurslarining taxminan 10 foizini tashkil qiladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, katta zaxiralarga ega bo‘lish har doim ham qazib olish bo‘yicha yetakchilikni anglatmaydi. Chunki uran ishlab chiqarish hajmi investitsiyalar, davlat siyosati, litsenziyalash jarayonlari va konlarni o‘zlashtirish sur’atlariga ham bog‘liq.



Masalan, Avstraliya zaxiralar bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda tursa-da, mamlakatda uran sanoati nisbatan sekin rivojlanmoqda. Bunga tarmoqdagi qat’iy ekologik va me’yoriy talablar, shuningdek, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan uzoq tayyorgarlik jarayonlari sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Qozog‘iston va Kanada esa nafaqat katta resurslarga, balki yuqori ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga ham ega. Ushbu davlatlar global yadroviy yonilg‘i ta’minoti tizimida muhim o‘rin tutadi.

Top uchlikdan tashqari Namibiya va Niger Afrikadagi eng yirik uran bazalariga ega davlatlar hisoblanadi. Yevrosiyoda esa Rossiya, Xitoy, Ukraina va O‘zbekiston sezilarli uran zaxiralariga ega mamlakatlar sifatida qayd etilgan.

Amerika qit’asida Braziliya, Argentina, Peru va AQSh ham muhim uran resurslariga ega. Bu esa yadroviy yonilg‘i bozorining ma’lum darajada geografik diversifikatsiyalanganini ko‘rsatadi.

So‘nggi o‘n yillikda dunyoda aniqlangan uran resurslari hajmi 25 foizdan ortiqqa oshgan. Mutaxassislar bu holatni geologik qidiruv ishlarining faollashishi bilan izohlamoqda.

Atom energetikasiga qiziqish ortib borayotgan bir paytda uran XXI asrning eng muhim strategik resurslaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ko‘plab davlatlar kam uglerodli energiya ishlab chiqarishni kengaytirish va energetik xavfsizlikni mustahkamlash uchun atom energetikasiga tayanishni kuchaytirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid