Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAVda Eron va AQSh o‘rtasidagi kelishuv loyihasi matni e’lon qilindi
Yaqin vaqtlar ichida Shveytsariyada imzolanishi kutilayotgan hujjatda Tehron bu kelishuvdan qanday foyda ko‘rishi mumkinligi keltirilgan. Masalan, darhol neft bilan savdo qilishni boshlashi mumkin.
Bloomberg agentligi va Saudiyaning «Al-Arabiya» telekanali AQSh va Eron 19 iyun kuni Shveytsariyada imzolash kutilayotgan anglashuv memorandumining «deyarli yakuniy» loyihasini e’lon qildi. Tomonlar 14 iyun kuni kelishuvga erishgan, Oq uy uning shartlarini keyingi 48 soat ichida e’lon qilishni va’da qilgandi. Ammo hozircha bu ro‘y bermadi. Bir necha kundan beri turli nashrlar kelishuvdagi asosiy qoidalarni yozib kelishmoqda. Bloomberg agentligi qayd etishicha, hujjatning tahririyat ixtiyoriga kelib tushgan nusxasi Eronning AQSh bilan kelishuv doirasidagi iqtisodiy manfaatlarining eng to‘liq tavsifini o‘z ichiga oladi. Xususan, Tehron darhol neft savdosini tiklashi, 300 milliard dollarlik xususiy investitsiya fondidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi, shuningdek, kelgusida bloklangan aktivlar qaytarilishi mumkin. Agentlik manbalariga ko‘ra, kelishuvning texnik tafsilotlari hali ham ishlab chiqish bosqichida, shuning uchun hujjatdagi ayrim iboralar o‘zgarishi mumkin. Quyida 14 banddan iborat kelishuv loyihasi keltiriladi.
Qisqacha versiya
- AQSh, Eron va ularning ittifoqchilari butun front bo‘ylab, jumladan, Livanda ham harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatadi.
- Suverenitet va hududiy yaxlitlikni o‘zaro hurmat qilish, ichki ishlarga aralashishdan voz kechish.
- Yakuniy kelishuv bo‘yicha muzokaralar 60 kun ichida ushbu muddatni uzaytirish imkoniyati bilan amalga oshiriladi.
- AQSh Eron portlari qamalini zudlik bilan bekor qiladi, 30 kun ichida kemalar qatnovi urushdan oldingi darajaga qaytariladi va yakuniy kelishuvdan keyin 30 kun ichida Amerika qo‘shinlari olib chiqiladi.
- Eron 30 kun ichida savdo kemalarining Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tishini, shu jumladan, hudud minalardan tozalanishini ta’minlaydi.
- AQSh mintaqadagi hamkorlari bilan Eronni tiklash va rivojlantirish bo‘yicha kamida 300 milliard dollarlik reja tuzmoqda.
- AQShning barcha bir tomonlama sanksiyalari, shuningdek, BMT Xavfsizlik kengashi va Xalqaro atom energetikasi agentligi rezolyutsiyalari kelishilgan jadval bo‘yicha bekor qilinadi.
- Eron yadro qurolidan voz kechishini tasdiqlaydi. Boyitilgan uran va boshqa yadroviy masalalar taqdiri yakuniy kelishuvda hal qilinadi.
- Yakuniy kelishuvga qadar status-kvo saqlanib qoladi: Eron yadroviy dasturini kengaytirmaydi, AQSh yangi sanksiyalar qo‘llamaydi va mintaqadagi kuchlari sonini oshirmaydi.
- AQSh moliya vazirligi zudlik bilan Eron nefti eksportiga ruxsat beradi.
- Muzokaralar davomida Eronning muzlatilgan aktivlariga taqiqlar yechiladi.
- Yakuniy bitimning bajarilishini nazorat qilish mexanizmi ishlab chiqiladi.
- Memorandum imzolangach va 4, 5, 10 va 11-moddalarga rioya etilayotgani tasdiqlangach, tomonlar qolgan bandlar bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi.
- Yakuniy kelishuv BMT Xavfsizlik kengashining majburiy rezolyutsiyasi bilan tasdiqlanadi.
To‘liq
- Eron va AQSh joriy urushdagi ittifoqchilari bilan birgalikda ushbu anglashuv memorandumi imzolangan paytdan boshlab barcha jabhalarda, shu jumladan Livanda ham urushni zudlik bilan va doimiy ravishda to‘xtatishni e’lon qiladi va bundan buyon bir-biriga qarshi hech qanday dushmanlik harakatlarini amalga oshirmaslik, shuningdek, kuch bilan tahdid qilish yoki uni qo‘llashdan tiyilish majburiyatini oladi. Yakuniy kelishuv ushbu modda va boshqa moddalarning qoidalarini tasdiqlaydi.
- Eron va AQSh bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, bir-birining ichki ishlariga aralashishdan tiyilish majburiyatini oladi.
- Eron va AQSh o‘zaro kelishuvga ko‘ra [muzokaralar muddatini] uzaytirish imkoniyati bilan ko‘pi bilan 60 kun ichida muzokaralar olib borish va yakuniy kelishuv tuzish majburiyatini oladi.
- Ushbu memorandum imzolanganidan so‘ng darhol AQSh dengiz blokadasini bekor qiladi va Eron faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki cheklashga qaratilgan har qanday harakatlarning oldini oladi, shuningdek, 30 kundan oshmagan muddatda kemalar qatnovini urushdan oldingi darajaga qaytaradi; yuk tashish hajmi Eron bilan bog‘liq kemachilikning urushdan oldingi darajasiga mos kelishi kerak. Qo‘shma Shtatlar yakuniy kelishuv imzolangandan keyin 30 kun ichida mintaqadan o‘z kuchlarini olib chiqishi kerak.
- Ushbu memorandum imzolangandan so‘ng, Eron 30 kun ichida Fors ko‘rfazidan O‘mon ko‘rfaziga va ortga savdo kemalari harakatini urushdan oldingi darajaga qaytarishni ta’minlash uchun zudlik bilan choralar ko‘radi, bunda texnik to‘siqlarni bartaraf etish va suv yo‘lini minalardan tozalash Eron zimmasida bo‘ladi.
- Qo‘shma Shtatlar mintaqaviy hamkorlari bilan birgalikda Eronni tiklash va iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha har ikki tomon tomonidan kelishilgan keng qamrovli rejani ishlab chiqish va kamida 300 milliard dollar miqdorida moliyalashtirishni ta’minlash majburiyatini oladi. Ushbu rejani amalga oshirish mexanizmi yakuniy kelishuvning bir qismi sifatida 60 kun ichida ishlab chiqiladi.
- Qo‘shma Shtatlar yakuniy kelishuv doirasida kelishilgan muddatlarda hozirda Eronga nisbatan qo‘llanayotgan barcha turdagi sanksiyalarni, jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashi va Atom energetikasi xalqaro agentligi Boshqaruvchilar kengashi rezolyutsiyalarini, shuningdek, Amerikaning barcha bir tomonlama sanksiyalarini – birlamchi va ikkilamchi sanksiyalarini to‘xtatish majburiyatini oladi.
- Eron hech qachon yadroviy qurol yaratmasligini yana bir bor tasdiqlaydi. Eron va AQSh boyitilgan materiallar taqdiri va yadroviy dastur bilan bog‘liq boshqa barcha o‘zaro kelishilgan masalalar, jumladan, Eronning yadroviy ehtiyojlari yakuniy kelishuvda tegishli tarzda hal qilinishi bo‘yicha kelishib olgan. Yakuniy kelishuv ushbu moddaning qoidalarini tasdiqlaydi.
- Eron va AQSh yakuniy kelishuv tuzilgunga qadar status-kvo saqlanib qolishiga rozi: Eron yadroviy dasturining hozirgi holatini saqlab qoladi, AQSh esa Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etmaydi va mintaqadagi harbiy ishtirokini kuchaytirmaydi.
- Amerika Qo‘shma Shtatlari ushbu memorandum imzolangandan so‘ng darhol (va sanksiyalar to‘liq bekor qilinishini kutmasdan) AQSh Moliya vazirligi tomonidan Eron xom nefti, neft-kimyo mahsulotlari va ularning hosilalarini, shuningdek, bank xizmatlari, sug‘urta, transport va boshqa tegishli operatsiyalarni o‘z ichiga olgan barcha tegishli xizmatlarni eksport qilish uchun ruxsatnomalar berilishini ta’minlash majburiyatini oladi.
- Yakuniy kelishuvga erishish uchun muzokaralar davom etar ekan, Qo‘shma Shtatlar Eronning muzlatilgan yoki foydalanish cheklangan mablag‘lari va aktivlariga to‘liq kirishini ta’minlash majburiyatini oladi. Ushbu mablag‘lar, ular asosiy hisobvaraqlarda yoki o‘tkazilgan mablag‘lar ekanidan qat’i nazar, Eron Markaziy banki tomonidan belgilangan yakuniy oluvchilarga har qanday to‘lovlar uchun ishlatiladi va foydalanish uchun to‘liq ochiq bo‘ladi. AQSh ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun barcha zarur ruxsatnomalar va litsenziyalarni berish majburiyatini oladi.
- Eron va AQSh yakuniy kelishuvning muvaffaqiyatli bajarilishini va kelajakda uning qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish mexanizmini yaratishga kelishib olgan.
- Ushbu memorandum imzolanib, 4, 5, 10 va 11-moddalarni amalga oshirishni boshlash hamda ularda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirish kafolatlari olingach, Eron va AQSh faqat qolgan moddalar bo‘yicha yakuniy kelishuv bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi.
- Yakuniy kelishuv BMT Xavfsizlik kengashining bajarilishi majburiy bo‘lgan rezolyutsiyasi orqali tasdiqlanadi.