Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya ichkarisiga dron hujumlari bilan Ukraina nimaga erishyapti?
So‘nggi haftalarda Ukraina tomonidan Rossiya ichkarisiga yo‘naltirilayotgan zarbalar ko‘paydi. Bu holat nafaqat front chizig‘idagi vaziyatga, balki umumiy harbiy va siyosiy muvozanatga ham ta’sir qilmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, bunday zarbalar Rossiyani o‘z harbiy resurslarini qayta taqsimlashga majburlashdan tashqari, siyosiy va psixologik bosim hamda iqtisodiy muammolar to‘rini vujudga keltirmoqda.
Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida shu haqda so‘z bordi.
— Ukrainaning Rossiya hududi ichkarisiga tobora chuqurroq kirib borayotgan dron zarbalari frontdagi vaziyatga va ehtimoliy tinchlik muzokaralariga qandaydir ta’sir ko‘rsatadimi?
Anvar Yo‘ldoshev: Albatta, ta’sir ko‘rsatadi. Ukraina tomonidan Rossiyaning ichki hududlariga dronlar orqali berilayotgan zarbalar Rossiyani o‘z harbiy resurslarini qayta taqsimlashga majbur qilmoqda. Xususan, u front chizig‘idagi havo hujumidan mudofaa tizimlarining bir qismini orqa hududlarga – neftni qayta ishlash zavodlari va harbiy ishlab chiqarish obektlarini himoya qilish uchun ko‘chirishga majbur bo‘lmoqda.
Bu esa, o‘z navbatida, frontdagi himoya tizimlarining zaiflashishiga olib kelishi mumkin.
Shu jihatdan, Ukraina uchun bu zarbalar nafaqat harbiy, balki siyosiy ahamiyatga ham ega bo‘lib, kelajakdagi muzokaralarda ma’lum darajada dastak vazifasini bajaradi. Ukrainaning asosiy maqsadi Rossiya hududlarini egallash emas, balki uning harbiy va iqtisodiy infratuzilmasiga zarba berish orqali frontni ta’minlash imkoniyatlarini cheklashdir. Jumladan, neftni qayta ishlash zavodlari va harbiy sanoat obektlariga hujumlar orqali logistika va ta’minot zanjirlariga bosim o‘tkazilmoqda.
Hozirgi vaziyat shuni ko‘rsatadiki, Ukraina bu yo‘nalishda ma’lum natijalarga erishmoqda. Biroq bu holatni Rossiya ustidan to‘liq ustunlik sifatida baholash to‘g‘ri emas. Rossiya ham front chizig‘ida o‘z harbiy harakatlarini davom ettirmoqda va qarshilik ko‘rsatishda davom etyapti.
Kamoliddin Rabbimov: So‘nggi bir-ikki yil ichida Ukraina konfliktni asta-sekin Rossiya hududiga ham ko‘chira boshladi. 2022–2024 yillarda to‘qnashuvlar asosan Ukraina hududida kechayotgan edi. Biroq 2024 yilda Rossiya chegarasiga yaqin ayrim hududlar, xususan Sumi viloyati atrofida vaziyat o‘zgardi va bu kutilmagan burilish bo‘ldi. 2025 yilga kelib esa mojaro yanada chuqurlashib, Rossiyaning ichki hududlariga ham yetib bordi. Masalan, Sibir hududlaridagi strategik aviatsiya obektlariga qaratilgan operatsiyalar bunga misol bo‘la oladi.
Bu orqali Ukraina shuni ko‘rsatmoqdaki: urush faqat bir tomon uchun emas, balki har ikki tomon uchun ham maksimal darajada og‘riqli va noqulay bo‘lishi mumkin. Buning natijasi sifatida Rossiya ichida ham muayyan beqarorlik va bosim sezilmoqda.
Masalan, 9 may harbiy parad yoki yirik iqtisodiy forumlar avvalgidek erkin va xavfsiz muhitda o‘tkazilmadi. Bu holat urushning bevosita ta’siri ichki hududlargacha yetib borganini anglatadi.
Umuman olganda, har qanday urush boshida uni boshlagan tomon tez va oson g‘alabani kutadi. Ammo qarshi tomonda ham resurs, aql va strategiya bor. Shu sababli urush ko‘pincha kutilganidan ancha murakkab va uzoq davom etadi. Eng muhimi, urushni bir tomon boshlashi mumkin, lekin uni tugatish faqat bir tomon irodasiga bog‘liq emas – buning uchun har ikki tomonning roziligi zarur.
Bugungi kunda Rossiya uchun bu urush juda uzoq va qimmatga tushayotgan mojaro bo‘lib qolmoqda. Hatto tarixiy taqqoslashlarda ham bu holat e’tiborni tortadi: Birinchi jahon urushida Rossiya 1914 yildan 1918 yilgacha qatnashib, keyin urushdan chiqib ketgan edi. Hozirgi mojaro esa undan ham uzoq davom etmoqda.
Shuningdek, bu urush nafaqat iqtisodiy, balki demografik va ijtimoiy jihatdan ham jiddiy oqibatlar keltirib chiqarmoqda. Rossiya va Ukraina kabi slavyan va pravoslav dunyosiga mansub davlatlar o‘rtasidagi bu to‘qnashuv ularning ichki rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Agar ushbu resurslar tinch maqsadlarga yo‘naltirilganida, infratuzilma, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda katta natijalarga erishish mumkin edi. Xulosa qilib aytganda, konfliktning Rossiya hududiga ko‘chirilgani unga kuchli psixologik, siyosiy va iqtisodiy bosim o‘tkazmoqda.
Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
17:21
Saida Mirziyoyeva Mixail Mishustin bilan iqtisodiy hamkorlikni muhokama qildi
11:17
🔴 LIVE: Isroil AQSh-Eron kelishuvi bandlaridan bexabarligini bildirdi | “Geosiyosat”
09:20
G7 sammiti: Rossiya nefti va gaziga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlanmoqda
22:31 / 16.06.2026