O‘zbekiston | 10:10
1746
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik shifokorlar Italiyada 5 ming yevrogacha maosh olishi mumkin

Migratsiya agentligi O‘zbekistonlik shifokorlar uchun Italiyada yuqori daromadli ish imkoniyatini taqdim etmoqda. Dastur doirasida har yili 150 nafargacha tibbiyot mutaxassisi Sardiniya hududida ish bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, Migratsiya agentligi Italiyaning Sardiniya hududidagi tibbiyot muassasalari uchun o‘zbekistonlik shifokorlarni tanlab olish dasturini amalga oshirmoqda.

Loyiha doirasida pediatr, nevrolog, diabetolog, pulmonolog, gastroenterolog, shoshilinch tibbiy yordam shifokori hamda boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha nomzodlar ko‘rib chiqiladi.

Nomzodlar Italiyaning Peruja universiteti hamkorligida tashkil etilgan italyan tili kurslarida 7 oy davomida onlayn ta’lim oladi. Kurs xarajatlari Migratsiya agentligi tomonidan qoplanadi va har bir tinglovchi uchun oyiga 600 yevro miqdorida mablag‘ ajratiladi.

Til kursini muvaffaqiyatli yakunlagan shifokorlar Italiyaning Sardiniya hududida ish boshlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Boshlang‘ich oylik maosh 3 500 yevrogacha etib belgilangan.

Shuningdek, qo‘shimcha ish soatlari va tungi navbatchilik uchun beriladigan ustamalar hisobiga oylik daromad 4 000–5 000 yevrogacha oshishi mumkin.

Dastur ishtirokchilari uchun bir qator ijtimoiy kafolatlar ham nazarda tutilgan. Xususan, turar joy xarajatlari ish beruvchi tomonidan qoplanadi, tushlik bilan ta’minlanadi hamda tibbiy sug‘urta rasmiylashtiriladi.

Nomzodlarga qo‘yiladigan asosiy talablar orasida oliy tibbiy ma’lumotga ega bo‘lish muhim hisoblanadi. Ish tajribasi majburiy emas, ammo tajribali mutaxassislarga ustuvorlik beriladi.

Dasturda ishtirok etish uchun yosh chegarasi 50 yosh etib belgilangan bo‘lib, 40 yoshgacha bo‘lgan nomzodlarga afzallik beriladi. Saralash jarayoni xorijda ishlash platformasida rezyume (CV) to‘ldirgan nomzodlar orasidan amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid