Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish bo‘yicha DXSh bitimi imzolandi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida poytaxtning yangi xalqaro aeroportini qurish va keyinchalik ekspluatatsiya qilish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik (DXSh) bitimi imzolandi. Yirik infratuzilma loyihasi doirasida 2030 yilgacha zamonaviy aviatsiya habi barpo etilishi rejalashtirilgan.
Uzbekistan Airports AJ hamda Saudiya Arabistonining Vision Invest kompaniyasi boshchiligidagi, tarkibiga Yaponiyaning Sojitz Corporation va Koreya Respublikasining Incheon International Airport Corporation kompaniyalari kiruvchi xalqaro konsorsium o‘rtasida Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish va boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik kelishuvi imzolandi.
Loyihani amalga oshirish doirasida xalqaro moliya institutlari talablariga muvofiq ekologik va ijtimoiy baholash ishlari o‘tkazildi. Shuningdek, muhandislik kommunikatsiyalarini ko‘chirish bo‘yicha loyiha hujjatlari ishlab chiqilib, bo‘lajak aeroport hududini tayyorlash ishlari boshlab yuborilgan.
Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Javlon Umarxo‘jayevning ta’kidlashicha, mazkur loyiha mamlakat prezidenti tashabbusi bilan hukumat, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Transport vazirligi ko‘magida ishlab chiqilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi xalqaro aeroport kelgusi o‘n yilliklarda yo‘lovchi va yuk tashishga bo‘lgan talabni qondiruvchi zamonaviy texnologik aviatsiya markaziga aylanadi. Shu bilan birga, loyiha orqali O‘zbekiston xalqaro darajadagi aeroportlarni loyihalash, qurish va boshqarish bo‘yicha ilg‘or tajriba hamda texnologiyalarni jalb etadi.
Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, yangi aeroport Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari hududida, umumiy maydoni 1310 gektar bo‘lgan yer maydonida quriladi.
Loyihaning birinchi bosqichida har biri 4 kilometr uzunlikka ega bo‘lgan ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi, 208 ming kvadrat metr maydonli yo‘lovchi terminali, havo kemalari uchun 98 ta to‘xtash joyi, yonilg‘i quyish majmuasi hamda zamonaviy dispetcherlik minorasi barpo etiladi.
2030 yil oxirida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan aeroport yiliga 20 million nafar yo‘lovchi va 300 ming tonnagacha yuk qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Imzolangan bitimga muvofiq, xususiy sheriklar konsorsiumi yo‘lovchi terminali va vokzal atrofi infratuzilmasini qurish hamda ekspluatatsiya qilish uchun mas’ul bo‘ladi. Davlat sherigi esa aerodrom majmuasini qurish va boshqarish vazifasini o‘z zimmasiga oladi.
Tasdiqlangan jadvalga ko‘ra, joriy yilning iyun oyida muhandislik tarmoqlarini ko‘chirish ishlarini boshlash, hududni qurilishga tayyorlash va bosqichma-bosqich qurilish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mutasaddilarning qayd etishicha, yangi xalqaro aeroport mamlakatning shakllanayotgan transport-logistika tizimining muhim bo‘g‘iniga aylanib, xalqaro aviaqatnovlar, savdo va turizm rivojiga qo‘shimcha turtki beradi.
Mavzuga oid
11:35 / 17.06.2026
Toshkent dunyoning eng tez o‘zgarayotgan shaharlari qatoriga kirdi
16:28 / 13.06.2026
Toshkentda yo‘l talashgan haydovchi ikkinchi haydovchiga tayoq bilan hujum qildi
20:06 / 10.06.2026
Prezident huzurida Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati va rejalari ko‘rib chiqildi
16:55 / 09.06.2026