O‘zbekiston | 16:24
1024
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosi 23 iyun kuni soat 01:00 gacha ishlaydi

23 iyun kuni O‘zbekiston milliy jamoasining Portugaliya bilan o‘yini sababli Toshkent metrosi ish vaqti tungi soat 01:00 gacha uzaytiriladi. Shu kuni poytaxtning turli hududlarida muxlislarning harakatlanishi sezilarli darajada ortishi kutilmoqda.

Foto: Kun.uz

23 iyun kuni Toshkent metrosi yo‘lovchilarga tungi soat 01:00 ga qadar xizmat ko‘rsatadi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bunga shu kuni soat 22:00 da futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasining jahon chempionati doirasidagi navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tishi sabab qilib ko‘rsatilgan.

Mazkur uchrashuv munosabati bilan poytaxtning turli hududlarida futbol ixlosmandlarining harakatlanishi sezilarli darajada ortishi kutilmoqda. Shu bois, yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish hamda jamoat transportining uzluksiz faoliyatini ta’minlash maqsadida metro poyezdlari harakati vaqti qo‘shimcha 1 soatga uzaytirilgan.

«Ushbu qo‘shimcha ish rejimi futbol muxlislarining uchrashuvdan so‘ng o‘z manzillariga xavfsiz, qulay va tezkor yetib borishi uchun xizmat qiladi», – deyiladi xabarda.

Metropoliten ma’muriyati yo‘lovchilardan safarlarini oldindan rejalashtirishni hamda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishni so‘ragan.

Milliy jamoa o‘yinlari Toshkent shahrida katta ekranlar orqali ham namoyish etiladi, bunday ekranlar shaharning har bir tumanida bittadan, shuningdek, «Bunyodkor» stadionida o‘rnatiladi.

Shuningdek, O‘zbekistonning 208 ta tuman va shaharlaridagi maktablarda ham «Muxlislar maydoni» tashkil etilmoqda. Bunday joylarda o‘quvchilar, ota-onalar va boshqa muxlislar milliy jamoa ishtirokidagi o‘yinlarni katta ekranlarda jonli efirda tomosha qilishi mumkin.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid