Orzular ushaladi, yurak urib tursa bas: O‘zbekiston mundialdagi ilk golini urdi. Hujjatsiz yer egalari diqqatiga: muayyan davrda uch karra undirilgan soliqlar qaytariladigan bo‘ldi. Korrupsiya uchun jazo og‘irlashadi: poraxo‘rlarni muddatidan ilgari shartli ozod qilish taqiqlanyapti. Yakunlangan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid shu va boshqa mavzulari – Kun.uz dayjestida.

O‘sha kun keldi

Nafaqat ortda qolgan hafta, balki butun 2026 yil uchun ham O‘zbekiston ijtimoiy hayotida mundialdagi debyutimizdan-da yorqinroq voqeani topish qiyin bo‘lsa kerak. Milliy jamoamiz o‘zi haqidagi keng yoyilgan skeptik qarashlarni chippakka chiqarib, kuchli raqibga qarshi ishonchli o‘yini, futbolchilarning jismoniy holati, uyushtirgan xavfli vaziyatlari va albatta debyut goli bilan okeanortiga faqat muzqaymoq yeyish uchun bormaganliklarini isbotlashdi.

Ochig‘ini aytganda, reytingi ancha yuqori Kolumbiyaga qarshi o‘yindan kutilmalar yuqori emasdi. Hatto muxlislarning bir qismi: “Ishqilib, sharmanda bo‘lmasak bo‘ldi” degan kayfiyatda edi. Amalda esa Kannavaro kurashlarga shay, raqobatbardosh jamoa shakllantirgani ma’lum bo‘ldi. Va o‘sha yorug‘ 18 iyun tongida, jafokash o‘zbek muxlisi Abbos Fayzullayev ijrosida ilk bor mundial golining mazasini totib ko‘rdi.

Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor, degan iborani shu o‘rinda qo‘llasak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘yindan oldin aksariyat muxlislar vaziyatga real qarab, g‘alabadan emas, asosan yaxshi o‘yin va birinchi goldan umid qilayotgandi, va jamoamiz bu ikkita istakning ikkalasini ham bajo keltirdi.

Endigi maqsad – birinchi ochko va birinchi g‘alaba. Aftidan, buning uchun jamoamizga biroz sovuqqonlik va pragmatik yondashuv zarar qilmaydi. Bizningcha, Abbosning golidan keyin hisob tenglashgach, raqibning imkoniyatlariga to‘g‘ri baho berib, o‘yin sur’atini biroz pasaytirishimiz foydadan xoli bo‘lmasdi. Chunki durang natija ham bizni qanoatlantirardi. Ko‘rinib turibdiki, goldan keyingi ruhan ko‘tarinki kayfiyat bilan yana hujumga shoshilish – xatolarga yo‘l ochadi. Jahon chempionati esa xatolar kechiriladigan joy emas.

Kannavaroning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi goldagi xato Shomurodovning to‘pni oldirishidan emas, to‘p autdan aynan unga tashlab berilganidan boshlangan. “Men doim o‘yinchilardan to‘pni autdan markazga tashlamaslikni so‘rayman, lekin [o‘sha vaziyatda] biz to‘pni markazga tashladik va ikkinchi golni aynan shunaqa epizoddan keyin o‘tkazib yubordik”, dedi murabbiy o‘yindan keyingi matbuot anjumanida.