O‘zbekiston | 12:15
2391
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda yirik qo‘ychilik klasteri tashkil etilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev To‘raqo‘rg‘on tumanida barpo etilayotgan “Namangan qo‘ychilik klasteri” faoliyati bilan tanishdi. Qiymati 35 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida zamonaviy qo‘ychilik majmuasi tashkil etilib, go‘sht yetishtirish hajmi va sifatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Namangan qo‘ychilik klasteri” loyihasi uch bosqichda amalga oshirilmoqda. Umumiy maydoni 10 gektar bo‘lgan hududda tashkil etilayotgan majmua O‘zbekiston prezidentining chorvachilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qarori asosida hayotga tatbiq etilmoqda.

Loyihaning birinchi bosqichida xorijdan 15 ming bosh nasldor qo‘y olib kelingan bo‘lsa, keyingi bosqichlarda ular sonini yana 35 ming boshga oshirish rejalashtirilgan. Klasterda yuqori mahsuldorlikka ega “Arashan”, “Hisor” va “Adelbay” zotlarini mahalliy sharoitga moslashtirish ishlari olib borilmoqda.

Zamonaviy parvarish texnologiyalari va ilmiy yondashuvlar asosida qo‘ylarni intensiv usulda boqish yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa go‘sht yetishtirish samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Loyiha to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, viloyatda yiliga 35-40 ming tonna sifatli go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Klaster doirasida 280 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, 95 ta kambag‘al oilaning bandligi ta’minlanadi. Majmua huzurida logistika, veterinariya, servis va mahsulotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish infratuzilmalari ham tashkil etiladi.

Prezident loyiha bilan tanishar ekan, uning chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, ichki bozorni sifatli go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash va aholi daromadlarini oshirishdagi ahamiyatini ta’kidlab, mazkur tajribani keng joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid