Jahon | 09:45
1442
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyadagi muzokaralardan so‘ng Eron nefti uchun yo‘l ochildi

AQSh Moliya vazirligi Eron nefti, neft mahsulotlari va neft-kimyo mahsulotlari bilan bog‘liq operatsiyalarga nisbatan 60 kunlik vaqtinchalik ruxsatnoma berdi. Qaror Vashington va Tehron o‘rtasida Shveytsariyada o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng qabul qilindi.

Foto: REUTERS

AQSh moliya vaziri Skott Bessent ma’lum qilishicha, mamlakatning Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) tomonidan berilgan umumiy litsenziya 2026 yil 21 avgustgacha amal qiladi. Hujjatga muvofiq, Eron neftini qazib olish, yetkazib berish, sotish va tushirish bilan bog‘liq operatsiyalarga, shuningdek neft-kimyo mahsulotlari savdosiga ruxsat berilgan.

Lisenziya doirasida Eron nefti va neft mahsulotlarini AQShga import qilish ham mumkin bo‘ladi. Shuningdek, mazkur operatsiyalarda AQSh sanksiyalari ostida bo‘lgan ayrim kemalar ishtirok etishiga ham ruxsat berilgan.

Hujjatga ko‘ra, Eron nefti va neft mahsulotlari uchun to‘lovlar AQSh dollarida amalga oshirilishi mumkin. Bu to‘lovlar bevosita Eron hukumati yoki sanksiyalar ro‘yxatidagi boshqa shaxslar foydasiga ham o‘tkazilishiga ruxsat etilgan.

Biroq litsenziya Shimoliy Koreya, Kuba hamda Rossiya tomonidan qo‘shib olingan Ukraina hududlari bilan bog‘liq operatsiyalarga tatbiq etilmaydi. Shuningdek, u Eronga nisbatan amalda bo‘lgan boshqa sanksiyalar va cheklovlarni bekor qilmaydi.

Skott Bessentning ta’kidlashicha, mazkur qaror Shveytsariyadagi muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlarning bir qismi hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali erkin va xavfsiz kema qatnovini ta’minlash hamda Xalqaro atom energiyasi agentligi inspektorlarini mamlakatga kiritish majburiyatini olgan.

Biroq muzokaralarda vositachilik qilgan Qatar va Pokiston tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda agentlik inspektorlarining qaytishi yoki Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha Eronning majburiyatlari haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’lumot berilmagan.

Kuzatuvchilarning fikricha, AQShning mazkur qarori Vashington va Tehron o‘rtasidagi munosabatlarni yumshatish hamda xalqaro neft bozorida barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid