O‘zbekiston | 19:35
511
2 daqiqa o‘qiladi

Raqobat qo‘mitasi dori reklamalaridagi chalg‘ituvchi iboralardan ogohlantirdi

Dori vositasini eng samarali, eng xavfsiz yoki noyob vosita sifatida taqdim etish, uning ta’siri kafolatlangani haqida tasdiq berish hamda boshqa dori vositalari bilan noto‘g‘ri taqqoslash mumkin emas.

Raqobat qo‘mitasi dori vositalari reklamalarida iste’molchilarni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan iboralardan foydalanish holatlari kuzatilayotgani haqida ogohlantirish bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda tarqatilayotgan ayrim dori vositalari reklamalarida «noyob», «eng samarali», «eng xavfsiz», «kafolatlangan natija», «eng ishonchli vosita», «tez davolaydi», «nojo‘ya ta’sirlari mavjud emas» va «samarasi isbotlangan» kabi iboralardan foydalanilyapti.

«Bunday ma’lumotlar iste’molchilarda dori vositasining xususiyatlari haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllantirishi, shifokor maslahatisiz o‘zboshimchalik bilan davolanishga undashi va sog‘liq uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Inson salomatligi bilan bog‘liq reklama iste’molchilarda shifokorga murojaat qilish shart emas, degan fikrni shakllantirmasligi lozim», deyiladi qo‘mita xabarida.

«Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 34-moddasiga muvofiq, dori vositalari reklamasida shifokor maslahatisiz mustaqil davolanish mumkinligi haqida taassurot uyg‘otish, olimlar, tibbiyot xodimlari yoki mashhur shaxslarning tavsiyalaridan foydalanish, alohida shaxslarning minnatdorlik izhorlari va muvaffaqiyatli davolanish holatlarini keltirish taqiqlanadi.

Shuningdek, dori vositasini eng samarali, eng xavfsiz yoki noyob vosita sifatida taqdim etish, uning ta’siri kafolatlangani haqida tasdiq berish hamda boshqa dori vositalari bilan noto‘g‘ri taqqoslashlarga yo‘l qo‘yish mumkin emas.

Qo‘mita eslatishicha, retsepsiz beriladigan dori vositalari reklamasi qo‘llash bo‘yicha qarshi ko‘rsatmalar mavjudligi va mutaxassis maslahatini olish zarurligi haqidagi ogohlantirish bilan birga tarqatilishi shart.

 

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid