Jahon | 21:30 / 25.06.2026
1747
8 daqiqa o‘qiladi

O‘limga tik boqqan odam – vulqon lavasi ostida qolgan fotograf

1980 yil may oyida AQShda qayg‘uli hodisa sodir bo‘ladi. Taniqli fotograf Robert Landsberg mamlakatning shimoliy-g‘arbida joylashgan Sent-Helens vulqoni kraterini suratga olayotganda u uyg‘onib qoladi. Shunda fotograf qochish o‘rniga o‘z ishini davom ettiradi va o‘sha yerda halok bo‘ladi.

Dunyoda shunday odamlar borki, ular har doim aql va mantiq bilan ish tutishadi. Hozir sizga hikoya qilib bermoqchi bo‘lgan voqeamiz qahramoni amerikalik fotograf Robert Landsberg ham ana shunday insonlardan bo‘lgan.

Uzoq yillar davomida turli nashrlar va o‘z kolleksiyasi uchun suratlarni tasvirga tushirgan bu shaxs tabiat hodisasi – vulqon otilishi tufayli halok bo‘ladi.

O‘shanda Sent-Helens vulqonida to‘satdan kuchli portlash sodir bo‘lganida Robert ham boshqalarga o‘xshab xavfsiz joyga qochishga urinsa bo‘lardi.

Biroq vaziyatni baholagan fotograf qochgani bilan jonini asrab qololmasligini anglab yetadi va o‘z ishini davom ettiradi. O‘shanda u plyonka solingan sumkani tanasi ostiga berkitgan holda, o‘limni mardona kutib oladi. Ana shu ishi uni dunyoga mashhur qiladi.

Foto: Wikipedia

Koreya urushi qatnashchisi

Qahramonimiz 1931 yilda AQShning Sietl shahrida tug‘iladi. Maktabni bitirgach, 1951-1959 yillar oralig‘ida AQSh harbiy-dengiz kuchlari safida xizmat qiladi.

Ana shu xizmat davrida Koreya yarimorolida fuqarolar urushi sodir bo‘ladi va Robert AQSh armiyasi safida janubliklar tomonida turib jang qiladi.

Harbiy xizmatdan so‘ng Robert fotografiya va film suratga olishga qiziqib qoladi U AQSh bo‘ylab sayohat qilib, mamlakatning diqqatga sazovor joylarini suratga tushiradi, kinoplyonkaga muhrlaydi.

1970 yilda Robert nashrlarning birida fotograf bo‘lib ishlay boshlaydi. O‘sha yili u suratga olgan “Janubiy Oregon, istaklar amalga oshadigan joy” hujjatli filmi “Turizmni rivolantirishga hissa qo‘shgan film” nominatsiyasida mukofotga sazovor bo‘ladi.

1978 yilda Robert tasvirga olgan suratlar Oregon shtatining Portlend shahridagi 16 ta turli jamoat binolariga ilib qo‘yiladi.

O‘sha paytlarda u bir necha marta Vashington shtatida joylashgan Sent-Helens vulqoniga boradi. Robert u yerda vulqon o‘zgarishlarini tasvirga tushiradi. Biroq uning navbatdagi tashrifi fojiali yakun topadi.

Foto: alamy.com

Sent-Helens vulqonidagi portlash

Sent-Helens vulqoni dunyodagi eng uzun – Kordiliyera tog‘ tizmasining Vashington shtatidagi qismida joylashgan.

1980 yil mart oyidan boshlab vulqon joylashgan Kaskad tog‘lari hududida bir necha marta zilzilalar ro‘y beradi. 27 mart kuni vulqonda juda katta portlash sodir bo‘ladi va uning krateridan osmonga kul, tutun hamda gazdan iborat massa ko‘tariladi.

Vulqonshunoslar Sent-Helensda yanada kuchliroq portlash sodir bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelishadi. Aprel oyi davomida vulqondan kul va tutun chiqib turadi.

Natijada Sent-Helensning shimoliy yonbag‘ri kul bilan qoplanadi. O‘shanda vulqon krateri yoqasidagi bo‘rtiq kuniga 1,5 metr tezlikda o‘sa boshlaydi va 12 mayga kelib uning balandligi 200 metrga yetadi.

17 may kuni vulqonshunos Devid Jonston vulqonni kuzatish uchun kuzatuv punktiga boradi. U Sent-Helensni “piligi yoqilgan bomba” deb ataydi.

Foto: ekstrabladet.dk

Ertasi kuni, 18 mayda vulqonda kuchli portlash sodir bo‘ladi va Devid Vankuverdagi hamkasblariga radio orqali vahima aralash “U harakatni boshladi” deb xabar beradi.

O‘shanda kuchli portlash oqibatida Sent-Helens tog‘ining shimoliy tomoni butunlay qulab tushadi va bu besh mlrd tonna tosh aralash massani siljitgan ko‘chkiga sabab bo‘ladi. O‘sha ko‘chki juda ko‘p miqdordagi kul, toshlar, daraxtlar va yer jinsini pastga olib tushadi.

Vulqondan tepaga va yonga otilib chiqayotgan kul aralash lava tog‘ yonbag‘ridan issiq gazli havo oqimi bilan birga atrofga tarqala boshlaydi.

Portlashdan so‘ng paydo bo‘lgan “Plinian ustuni” vulqon kulini havoda taxminan yigirma kilometr balandlikka ko‘taradi. So‘ng kuchli shamol kulni uzoqlarga uchirib ketadi. O‘shanda vulqondan chiqqan kul o‘n birdan ortiq shtat hududiga taraladi.

Vulqondan 400 km uzoqlikda joylashgan shaharchada kunduzgi ko‘rinish 3 metrgacha pasayadi va Sent-Helensdan 145 km uzoqlikdagi joylarga 12 sm qalinlikda kul qatlami tushadi.

Foto: alamy.com

Devid joylashgan kuzatuv punkti vulqon krateridan 8 km uzoqlikda edi. Bir zumda u issiq kul ostida qoladi. Bir necha kundan keyin vulqondan chiqayotgan kul kamaygach, kuzatuv maskaniga qutqaruvchilar yetib kelishadi.

Biroq Devidning jasadini topib bo‘lmaydi. O‘sha kuni vulqonni tomosha qilish uchun kelgan ancha odam halok bo‘ladi. Shu jumladan, fotograf Robert Landsburg ham.

O‘limga tik borish

Vulqon otilishidan sal oldin Robert Landsburg Sent-Helensdan taxminan 7,2 km g‘arbda, Fork-Tutl daryosi yaqinida jarayonni tasvirga olish bilan band edi.

Sent-Helensda kuchli portlash sodir bo‘lganda, Robert Landsburg mashinasiga qaytadi va yaqinlashib kelayotgan kul bulutini tasvirga oladi.

Vaziyat juda tahlikali edi. Ana shu holatda Robert juda tez suratda atrofga tarqalayotgan issiq kuldan qochib qutulish imkonsiz ekanini tushunib yetadi va xotirjam tarzda suratga olishni davom ettiradi.

Foto: dvdinmypans.com

O‘sha paytda issiq kul Robert turgan joyga soatiga 400 km tezlikda bostirib kelayotgandi. Fotograf holatni tasvirga olib bo‘lgach, plyonkani maxsus idishga tiqib, uni ichida hujjatlari bo‘lgan hamyon bilan birga sumkaga joylaydi.

Oxirida Robert sumkasini yerga tashlaydi va uni issiq kuldan himoya qilish maqsadida ustiga yotib oladi. Bundan maqsad tasvirlarni saqlab qolish edi. So‘ng u xotirjam holda yaqinlashib kelayotgan o‘limini kutadi.

Qutqaruvchilar o‘sha paytda 48 yoshda bo‘lgan fotografning jasadini vulqon otilgan vaqtdan 17 kun o‘tib kul ostidan qattiq kuygan holda topishadi. O‘sha atrofda uning mashinasi ham turgandi.

Robertning kuyib ketgan jasadi 1980 yil 14 iyun kuni Portlend shahridagi qabristonga dafn etiladi. O‘shanda Robert bilan birga vulqon yaqinida bo‘lgan yana 56 kishi halok bo‘ladi.

Ular orasida yuqorida aytib o‘tganimiz vulqonshunos Devid Jonston, fotograf Rid Blekbern, havaskor radioboshlovchi Jyerri Martin, mehmonxona egasi Garri Trumenlar bo‘lgan.

Foto: newsflow24.com

Halok bo‘lganlardan 35 kishining jasadi topiladi, 22 kishi bedarak ketadi. O‘sha kuni vulqondan biroz uzoqda bo‘lgan bir qancha odam issiq kuldan qochib, tirik qolishga muvaffaq bo‘ladi.

Mutaxassislar Robert saqlab qolgan plyonkalardagi tasvirlarni ketma-ket ravishda tiklashadi va ular vulqonshunoslarga juda muhim ma’lumotlarni taqdim etadi.

1981 yilda Robert olgan fotosuratlar dunyoga mashhur National Geographic jurnalida chop etiladi. Shundan so‘ng fotografning taqdiri haqida butun dunyo xabar topadi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid