Jahon | 08:36
1890
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Ukraina prezidentining ishlari «ancha yaxshi ketmoqda»

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning harakatlariga ijobiy baho berdi. Uning ta’kidlashicha, har ikki tomonda katta yo‘qotishlar bo‘layotganiga qaramay, Zelenskiy «ancha yaxshi harakat qilmoqda».

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp 24 iyun kuni Oq uyda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida Ukrainadagi urush haqida fikr bildirdi.

Jurnalistlardan biri Trampdan «Siz Zelenskiy hozir g‘alaba qozonayotganiga ishonasizmi?» deb so‘raganida, u shunday javob qaytardi:

«Hech bo‘lmaganda, u o‘zini ushlab turibdi. Har ikki tomonda ham ko‘p odamlar halok bo‘lmoqda. Lekin menimcha, uning ishlari ancha yaxshi ketmoqda», — dedi AQSh prezidenti.

Bu bayonot Trampning avvalgi chiqishlaridan farq qiladi. Chunki u o‘tgan davrda bir necha bor Volodimir Zelenskiyni tanqid qilib, uni mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlarga to‘sqinlik qilishda ayblagan edi.

Matbuot anjumanida Tramp Yevropa davlatlari, xususan Germaniyaning AQSh va Isroilning Eronga nisbatan tutgan siyosati bo‘yicha yetarlicha qo‘llab-quvvatlamayotganidan ham noroziligini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Germaniya hukumatidan ko‘proq siyosiy qo‘llab-quvvatlash kutgan, ammo bu borada kutilgan munosabatni olmagan. Shu bilan birga, Tramp AQSh Germaniya va Yevropadagi harbiy kontingentini saqlash uchun yuzlab million dollar sarflayotganini ta’kidladi.

Bundan avval «Katta yettilik» (G7) sammiti doirasida Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashgan edi. AQSh prezidenti mazkur muloqotni «juda yaxshi o‘tdi» deya baholab, Rossiya Ukraina bilan tinchlik kelishuviga erishishi lozimligini aytgan hamda buning uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini bildirgan.

24 iyun kuni kechqurungi murojaatida Volodimir Zelenskiy ham G7 doirasida muhokama qilingan harbiy va moliyaviy yordam Ukrainaga o‘z vaqtida yetkazilsa, Rossiyani tinchlik muzokaralarini tanlashga majbur qiladigan sharoitni tezroq yaratish mumkinligini ta’kidladi. Biroq u buning qanday amalga oshirilishiga aniqlik kiritmadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid