Jahon | 17:09
2865
5 daqiqa o‘qiladi

«Zelenskiyning ishlari chakki emas. U jasur odam» – Tramp

AQSh prezidentining Ukraina yetakchisi haqidagi pozitsiyasi o‘zgarishi Moskvadagilarga yoqmayapti.

Foto: Andrew Harnik/Getty Images

Donald Tramp Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini yana bir bor o‘zgartirdi va Volodimir Zelenskiyning «ishlari yomon ketmayotgani»ni ta’kidladi.

24 iyun kuni Oq uyda AQSh prezidentining NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvi chog‘ida Sky News muxbiri Mark Stoun Trampga shunday savol berdi: «Siz g‘oliblarni yoqtirasiz. Sizningcha, hozir Zelenskiyning qo‘li baland kelyaptimi?»

«Uning ishlari yomon emas. Nima bo‘lganda ham u taslim bo‘lmayapti. Ikki tomondan ko‘plab odamlar halok bo‘lmoqda, ammo men u yaxshi uddalayapti, deb hisoblayman. Quloq soling, u mard odam ekanini tan olmasdan iloj yo‘q. Uning qurollari ajoyib, ammo odamlari ham ajoyib, haqiqiy jangchilar», – deya javob qaytargan Tramp.

Zelenskiy bir kun oldingi kechki videomurojaatida Ukrainaning Rossiya bo‘ylab uzoq masofali zarbalar kampaniyasining oraliq natijalarini sarhisob qilgandi. U neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlar tufayli Rossiyaning 60 dan ortiq regionida yoqilg‘i taqchilligi kuzatilayotgani, Rossiya hukumati esa havo hujumidan mudofaa tizimlarini Moskva va Valdayni yaxshiroq qo‘riqlash uchun yo‘naltirayotgani, natijada mamlakatning boshqa qismlari himoyasiz qolayotganini aytib o‘tgandi.

Zelenskiy Ukraina Rossiyani «tinchlikni tanlash»ga majbur qilish uchun hamkorlardan yordam kutayotganini qo‘shimcha qilgan. «Bizning operatsiyamiz, jumladan, Qrimdagi operatsiyamiz aniq rejalashtirilgan. Va uning qanday davom etayotgani shuni yaqqol isbotlaydi: agar biz G7 doirasidagi hamkorlarimiz bilan gaplashgan narsa Ukrainada paydo bo‘lsa – va bu hamkorlarning qaroriga bog‘liq – biz tezda Rossiya tinchlikni tanlashga majbur bo‘ladigan sharoitni yuzaga keltiramiz», – deydi u.

Trampning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarganining sezilarli belgilari Fransiyaning Evian shahrida 15-17 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan G7 sammitidan keyin paydo bo‘la boshladi. Ushbu sammitdan keyin Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Tramp Ukrainaga nisbatan «yondashuvning haqiqiy o‘zgarishi»ni namoyish etganini ta’kidladi.

Financial Times manbalariga ko‘ra, Ukrainaning Rossiya ichkarisidagi nishonlarga zarba berish kampaniyasi Trampda «katta taassurot qoldirgan». Kyiv Independent nashri Ukrainaning yuqori martabali mulozimiga tayanib yozishicha, Tramp o‘zaro suhbatlarda Zelenskiyni Rossiya bilan urushda «dadilroq» harakat qilishga chaqirgan.

Shu bilan birga, Foreign Policy ta’kidlaganidek, Oq uy asta-sekin Ukrainaga nisbatan xayrixoh bo‘lib borayotgan bo‘lsa-da, Vashington Moskvaga nisbatan qat’iy bayonotlardan tiyilmoqda. Yevropadagi mulozimlardan biri anonimlik sharti bilan aytishicha, Oq uydan Rossiyaning urush bilan bog‘liq harakatlaridan birini (aynan qaysi harakat nazarda tutilgani noaniq) oshkora tarzda qoralashni so‘ragan. Ma’lum bo‘lishicha, Oq uy ma’muriyati bu muzokaralarga zarar yetkazishidan qo‘rqib, rad javobini bergan. Yana bir yevropalik mulozim ham Oq uy vakillari Rossiyani ochiqchasiga tanqid qilishni istamasligini tan olganini aytdi.

Reuters Oq uy pozitsiyasining o‘zgarishi Moskvada «kuchayib borayotgan g‘azab»ni keltirib chiqarganini qayd etdi. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov 23 iyun kuni Moskvada o‘tkazilgan forum doirasida elchilar davrasida shunday degan: «Alyaska, Yevropaning harakatlari kabi, Kiyev rejimini qayta qurollantirish maqsadida vaqtdan yutish uchun mo‘ljallangandi, deb o‘ylashni ham xohlamasdim. Bu haqda o‘ylashni ham istamasdim, lekin amalda shunday bo‘lib chiqdi».

Bundan tashqari, Lavrov Moskva Oq uyning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini aniq bilmoqchi ekanini qayd etgan. «Biz Evianda [G7 sammitida] nima bo‘lganini bilmoqchimiz. Chunki Makronga quloq soladigan bo‘lsak, Ankorij unutilgan, prezident Tramp xuddi adashgan o‘g‘il yoki adashgan ota kabi oilasiga qaytgan va endi ularning barchasi birga», – degan Rossiya TIV rahbari. Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh Rossiyani «bu sammitdan nima olgani» va «keyingi yo‘nalishi qanday bo‘lishi» haqida xabardor qilmagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid