Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ko‘chmas mulk qiymatini aniqlashning yangi uslubiyoti joriy etildi
O‘zbekistonda ko‘chmas mulk obektlarining bozor qiymatiga yaqin narxini aniqlashning yagona tartibini belgilovchi yangi uslubiyot tasdiqlandi. Yangi tartib ko‘chmas mulkni ommaviy baholash jarayonining shaffofligi va adolatliligini ta’minlashga qaratilgan.
Adliya vazirligi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Tegishli hujjat 2026 yil 25 iyun kuni 3858-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Hujjatga muvofiq, ko‘chmas mulk obektlari ko‘p kvartirali uylardagi turar joylar, yakka tartibdagi turar joylar hamda noturar obektlar guruhlariga ajratiladi.
Qiymatni aniqlashda ko‘chmas mulk bozoriga oid ma’lumotlar, amalga oshirilgan bitimlar, e’lonlardagi narxlar va qiymatga ta’sir etuvchi boshqa omillar inobatga olinadi.
Shuningdek, hududlar bozor narxlaridan kelib chiqqan holda narx zonalariga ajratiladi va namunaviy (etalon) obektlar asosida baholash ishlari amalga oshiriladi.
Yangi uslubiyotga ko‘ra, obektlarning qiymati qiyosiy, xarajat yoki daromad yondashuvlari asosida hisoblanadi. Bunda binolarning qurilgan yili, qurilish materiali, maydoni, qavati, joylashuvi va ta’mirlanganlik darajasi kabi ko‘rsatkichlar ham hisobga olinadi.
Ommaviy baholash natijalari Kadastr agentligining rasmiy veb-sayti va axborot tizimlarida e’lon qilinadi. Mulkdorlar kadastr raqami orqali o‘z obektlarining baholangan qiymati bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, baholash natijalari 90 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Bu muddat ichida mulkdorlar o‘z taklif va e’tirozlarini bildirishi mumkin. Agar baholash natijasidan norozi bo‘lsa, ular vakolatli organ yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Yangi uslubiyot ko‘chmas mulk obektlarining qiymatini bozor tamoyillari asosida xolis, shaffof va yagona mezonlar bo‘yicha aniqlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
20:06 / 15.06.2026
Yer va unda qurilgan mulkka oid huquqlarni e’tirof etish jarayoni soddalashtirildi
08:31 / 05.06.2026
Ko‘chmas mulk bo‘yicha ma’lumotlarni aniqlashning yangi tartibi joriy etildi
07:25 / 08.05.2026
Ko‘chmas mulk xaridorlarini avvalgi egasining qarzidan himoya qilish taklif etildi
23:28 / 23.04.2026