Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh vositachiligida Isroil va Livan kelishuvga erishdi
Isroil va Livan Vashingtonda AQSh vositachiligida hadli kelishuvni imzoladi. Hujjat ikki davlat o‘rtasida uzoq muddatli tinchlik va xavfsizlikka zamin yaratishga qaratilgan bo‘lib, Isroil armiyasining Livan janubidagi ayrim hududlardan qisman chiqarilishini nazarda tutadi.
Kelishuv 26 iyun kuni AQSh poytaxti Vashingtonda imzolandi. AQSh davlat kotibi Marko Rubioning ta’kidlashicha, ushbu hujjat ikki davlat o‘rtasida mustahkam tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Isroil va Livan 1948 yildan beri rasman diplomatik munosabatlarga ega emas hamda huquqiy jihatdan urush holatida hisoblanadi.
Axios nashri Isroil va AQSh rasmiylariga tayanib xabar berishicha, kelishuvga muvofiq Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) Livan janubidagi Litani daryosining shimoli va janubida joylashgan ikki kichik hududdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqadi.
Bu hududlar nazorati tajriba loyihasi sifatida Livan armiyasiga topshiriladi. Jarayonda AQSh harbiylari ham ishtirok etib, ushbu hududlarda «Hizbulloh» guruhi jangchilari qayta joylashmasligini nazorat qilishi rejalashtirilgan.
Shunga qaramay, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu kelishuv imzolanganidan so‘ng TSAHAL Livan janubida barpo etilgan «xavfsizlik hududi»ni hozircha tark etmasligini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «Hizbulloh» qurolsizlantirilmaguncha va Isroilga nisbatan tahdid saqlanib turgan ekan, Isroil o‘z harbiylarini mazkur hududdan chiqarmaydi.
Netanyahu ushbu kelishuvni Eronning Livandagi ta’siriga berilgan jiddiy zarba deb baholadi.
«Amalda Isroil, Livan va AQSh Eronga Livanda uning ham, “Hizbulloh”ning ham, boshqa har qanday tashqi kuchning ham o‘rni yo‘qligini bildirmoqda», — dedi Isroil bosh vaziri.
Livan prezidenti Jozef Aun esa kelishuvni mamlakat fuqarolarining o‘z uylariga va ozod etilgan yerlariga qaytishi uchun qo‘yilgan birinchi qadam deb atadi.
Uning ta’kidlashicha, Livan o‘z hududi va suverenitetini hech kim bilan bo‘lishmaydi.
Biroq «Hizbulloh» rahbari Naim Qosim Isroil qo‘shinlari Livan hududining har bir qarichidan hech qanday shartlarsiz chiqib ketishini talab qildi.
Guruh vakili, Livan parlamenti deputati Hasan Fadlalla esa hukumat mazkur kelishuvni amalga oshirishga urinsa, bu mamlakatda fuqarolar urushiga sabab bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
Tomonlar yakuniy tinchlik kelishuvini 60 kun ichida ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
19 iyun kuni Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirgan edi. Ammo ortidanoq u buzildi. Isroil «Hizbulloh» tomonidan o‘q uzilganini ma’lum qilib, javob zarbalarini berdi. Livan ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hujumlarda kamida o‘n kishi halok bo‘lgan.
Livandagi harbiy harakatlarni to‘xtatish AQSh va Isroilning Eron bilan bog‘liq mojarosini diplomatik yo‘l bilan hal qilish jarayonining muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Shu yil mart oyida Eron qo‘llab-quvvatlaydigan «Hizbulloh» harakati Isroilga raketa va dronlar bilan hujum qilgan, bunga javoban Isroil Livanda keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlagan edi.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Isroil zarbalari oqibatida 3 900 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Isroil tomoni esa 32 nafar harbiy xizmatchi va to‘rt nafar tinch aholi vakili qurbon bo‘lganini ma’lum qilgan.
Mavzuga oid
09:18
Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi hujumdan keyin AQSh Eronga zarba berdi
21:31 / 26.06.2026
Tramp Eronni Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi sulhni buzganlikda aybladi
11:00 / 26.06.2026
AQSh Ukraina bo‘yicha Alyaskada kelishuv bo‘lganini rad etdi
21:46 / 25.06.2026