Jahon | 10:40
1378
3 daqiqa o‘qiladi

Aviayonilg‘i taqchilligi: Rossiya importni keskin ko‘paytirdi

Rossiyada aviayonilg‘i ishlab chiqarish hajmining qisqarishi fonida mamlakat Belarusdan aviatsiya kerosini import qilishni keskin ko‘paytirdi. May oyida import hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb to‘rt baravarga oshgan.

Foto: RIA Novosti

Rossiya 2026 yil may oyida Belarusdan 5,17 ming tonna aviatsiya kerosini import qildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb to‘rt baravar ko‘p. Bu haqda Rossiyaning RBK nashri Narx indekslari markazi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, iyun oyining dastlabki o‘n kunida ham Rossiya Belarusdan yana 2,6 ming tonna aviayonilg‘i sotib olgan.

Nashrning yozishicha, import hajmining o‘sishi mamlakat ichida aviayonilg‘i ishlab chiqarishning kamayishi bilan bog‘liq. Rossiya hukumati ushbu mahsulot ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha rasmiy statistikani e’lon qilmayotgan bo‘lsa-da, Narx indekslari markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilda mamlakatda 11,4 million tonna aviatsiya kerosini ishlab chiqarilgan.

Shu hajmning qariyb 1,4 million tonnasi Moskva shahridagi Kapotnya neftni qayta ishlash zavodi hissasiga to‘g‘ri kelgan. Biroq mazkur korxona iyun oyi o‘rtasida uchuvchisiz uchish apparatlari hujumidan keyin faoliyatini to‘xtatgan.

Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, zavod kamida qish mavsumiga qadar ishini qayta tiklamaydi. Shu munosabat bilan Rossiya dengiz portlari orqali xorijdan JET A-1 rusumidagi aviayonilg‘ini import qilish va uni mahalliy yonilg‘i turlari bilan aralashtirish imkoniyatini muhokama qilmoqda.

Shu bilan birga, Rossiya hukumati 1 iyundan boshlab tarixda birinchi marta aviatsiya kerosini eksportini vaqtincha taqiqladi. Mazkur cheklov 30 noyabrgacha amal qilishi belgilangan.

Iyun oyi o‘rtalarida Rossiya aeroportlarida samolyotlarga yonilg‘i quyish bo‘yicha cheklovlar joriy qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirishlar ham tarqatildi.

Aviayonilg‘i bilan bog‘liq muammolar fonida mamlakatda avtomobil benzini taqchilligi ham kuzatilmoqda. RBK hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaning 30 dan ortiq hududida avtomobil yonilg‘isi sotilishiga turli cheklovlar kiritilgan.

Benzin ta’minotidagi uzilishlar dastlab qo‘shib olingan Qrimda Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya logistikasiga bergan zarbalari ortidan boshlangan. Keyinchalik Ukraina tomonidan Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga uyushtirilayotgan havo hujumlari sababli bu muammo boshqa hududlarga ham tarqalgan.

Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyi oxiriga kelib Rossiyada benzin ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25 foizga qisqargan. Shuningdek, 24 iyun kuni Rossiya Qozog‘istondan 50 ming tonna benzin sotib olish bo‘yicha murojaat qilgani ma’lum bo‘ldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid