Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ta’tilga qaysi paytda chiqqan ma’qul?
Ayrim oylarda mehnat ta’tiliga chiqish moliyaviy jihatdan foydali emas. Masalan, may oyida ta’tilga chiqsangiz, xuddi shunday ta’tilni iyulda olganingizga nisbatan qo‘lingizga ancha kam pul tegadi 10 mln so‘m maosh oladigan xodim uchun farq 1,7 mln so‘mgacha yetishi mumkin. Gap shundaki, O‘zbekistonda ish kuni va ta’til kuni uchun turlicha haq to‘lanadi. Ish kunining qiymati «oylik maoshni shu oydagi ish kunlari soniga bo‘lish» orqali hisoblanadi, ta’til kunining qiymati esa «o‘rtacha ish haqini 25,3 ga bo‘lish» orqali aniqlanadi. Bu ikki raqam hech qachon teng bo‘lmaydi va shu sababli qaysi oyda dam olishingiz hamyoningizda qancha.

Mehnat ta’tili — bu xodim ishlamaydigan, ish joyi va o‘rtacha ish haqi esa saqlanib qoladigan davr. Mehnat shartnomasi asosida ishlaydigan barcha shaxslar, jumladan, o‘rindoshlar va mavsumiy xodimlar ham ta’til olishga haqli. Bu yerda faqat haq to‘lanadigan yillik ta’til haqida so‘z bormoqda.
2023 yil 30 apreldan yangi Mehnat kodeksi (2022 yil 28 oktyabrda qabul qilingan) kuchga kirgan. Undagi asosiy yangilik — ta’til endi avvalgidek ish kunlarida emas, kalendar kunlarida hisoblanadi. Minimal asosiy ta’til avvalgi 15 ish kuni o‘rniga 21 kalendar kunini tashkil etadi.
Qo‘shimcha va asosiy ta’til mavjud. Asosiy ta’til barchaga beriladi. Ko‘pchilik uchun bu 21 kalendar kundan iborat, ammo ayrim toifalar uchun uzaytirilgan asosiy ta’til belgilangan.
Kimlarga 21 kundan ortiq asosiy ta’til beriladi?
Qo‘shimcha ta’til asosiy ta’tilga qo‘shiladi. U zararli mehnat sharoitida, noqulay iqlim muhitida ishlovchilarga, shuningdek, bir tashkilot yoki tarmoqda uzoq yillik mehnat staji uchun beriladi. Har 5 yillik ish staji uchun 2 kalendar kun qo‘shimcha ta’til beriladi, ammo umumiy hisobda 8 kundan oshmaydi.
28.10.2022 yildagi Mehnat kodeksi: 481-, 483-moddalar
Asosiy ta’tillar qo‘shilmaydi, qo‘shimcha ta’tillar esa jamlanadi. Bunda bir ish yili uchun barcha ta’tillarning umumiy davomiyligi 56 kalendar kundan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Bilish foydali bo‘lgan ayrim nozik jihatlar
● Birinchi ta’til. Birinchi ish yili uchun ta’til odatda 6 oy ishlagandan keyin beriladi, ammo ish beruvchi bilan kelishilsa, ertaroq ham chiqish mumkin.
● O‘rindoshlar. O‘rindosh xodimlarga asosiy ish joyidagi ta’til bilan bir vaqtda, hatto yarim yil ishlamagan bo‘lsa ham, to‘liq hajmda ta’til beriladi.
● Pul bilan qoplash. Minimal 21 kunlik ta’til o‘rniga pul olib bo‘lmaydi – bu kunlarda, albatta, dam olish kerak. 21 kundan ortiq qismi esa xodim arizasiga ko‘ra kompensatsiya qilinishi mumkin. Zararli va og‘ir mehnat sharoiti uchun berilgan qo‘shimcha ta’til pul bilan almashtirilmaydi.
● Bo‘lish. Ta’tilni qismlarga bo‘lish mumkin, ammo ulardan biri kamida 14 kalendar kun bo‘lishi shart.
28.10.2022 yildagi Mehnat kodeksi: 231-modda
O‘zbekistonda ta’til puli qanday hisoblanadi?
Ta’til puli — bu maoshga qo‘shimcha to‘lov emas, balki oldindan to‘lanadigan ish haqining bir qismi. Ta’tildan qaytgach, maosh faqat ishlangan kunlar uchun hisoblanadi. Shuning uchun xarajatlarni rejalashtirib olish kerak.
Formula:
Ta’til puli = (O‘rtacha oylik ish haqi ÷ 25,3) × haq to‘lanadigan ta’til kunlari
Ko‘rib chiqamiz.
O‘rtacha oylik ish haqi ta’til boshlanishidan oldingi 12 kalendar oy uchun hisoblanadi. Unga maosh, mukofotlar va ustamalar kiradi. Bir martalik moddiy yordam va bir martalik mukofotlar hisobga olinmaydi. Agar xodim bir yildan kam ishlagan bo‘lsa, amalda ishlagan oylari olinadi.
28.10.2022 yildagi Mehnat kodeksi: 257-modda
25,3 - bu Mehnat kodeksining 257-moddasida belgilangan olti kunlik ish haftasi uchun oylik o‘rtacha ish kunlari soni. O‘rtacha kunlik ish haqini aniqlash uchun ish haqi shu raqamga bo‘linadi. Ilgari 25,4 koeffitsiyenti qo‘llangan bo‘lsa, hozir 25,3 ishlatiladi.
Haq to‘lanadigan ta’til kunlari. Ta’til kalendar kunlarida hisoblanadi, ammo hamma kunlar uchun ham haq to‘lanmaydi. Haq yakshanba va bayram kunlaridan tashqari barcha kunlar uchun to‘lanadi. Bayram kunlari uchun haq to‘lanmaydi, ta’til davomiyligiga kiritilmaydi – shunchaki dam olish muddati uzayadi.
Vazirlar Mahkamasining 758-sonli qarori
Misol. Agar 21 kalendar kunlik ta’tilga chiqsangiz va unga bittayam bayram kunlari to‘g‘ri kelmasa, 21 kun sarflanadi, haq esa 18 kun uchun to‘lanadi – uchta yakshanba chiqib ketadi.
10 mln so‘m maoshda:
10 000 000 ÷ 25,3 = 395 257 so‘m – har bir haq to‘lanadigan ta’til kuni uchun.
Bu raqam oyga bog‘liqmas. Lekin ish kunining qiymati oyga qarab o‘zgaradi va asosiy farq aynan shu yerda paydo bo‘ladi.
Agar xodim oy davomida belgilangan ish vaqti me’yorini to‘liq ishlab bergan bo‘lsa, uning bir oylik o‘rtacha ish haqi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lishi mumkin emas. Ta’til puli esa ta’til boshlanishidan oldingi oxirgi ish kunidan kechiktirmay to‘lanishi shart.
2026 yil uchun mehnat kalendari va ish kuni qiymati
Bir ish kunining qiymati oyda nechta ish kuni borligiga bog‘liq: oylik maosh ish kunlari soniga bo‘linadi. Ish kunlari qancha ko‘p bo‘lsa, har bir ish kuni shuncha arzon tushadi va shu oyda ta’tilga chiqish shuncha foydali bo‘ladi.
2026 yil uchun ish kunlari soni prezidentning 2025 yil 24 dekabrdagi PF–257-sonli farmoni bilan belgilangan. Quyida besh kunlik ish haftasi uchun ish kunlari soni va 10 mln so‘m maoshda bir ish kunining qiymati keltirilgan:
Bayramlar ko‘p bo‘lgan oylarda har bir ish kuni «qimmat» bo‘ladi va uni 395 257 so‘mlik ta’til kuniga almashtirish zarar keltiradi. Ish kunlari ko‘p bo‘lgan oylarda esa har bir ish kuni arzon bo‘ladi va ta’tilga chiqish deyarli zarar keltirmaydi, ba’zan hatto foyda ham keltiradi.
Nima uchun may eng noqulay oy?
10 mln so‘m maosh oladigan ikki xodimni misol qilib olamiz. Ikkalasi ham ikki haftalik ta’tilga chiqadi va ketma-ket 16 kun dam oladi. Faqat biri may, biri iyul oyida.
Iyulda ta’tilga chiqqan xodim 395 ming so‘m yutadi. Mayda chiqqan xodim esa 1,34 mln so‘m yo‘qotadi. Bir xil ta’til uchun farq – 1,7 mln so‘mdan ortiq. Sababi: may oyida ish kuni 588 235 so‘m turadi, ta’til kuni esa 395 257 so‘m va har bir ta’til kuni zarar keltiradi. Iyulda ish kuni arzon turadi.
Pul yo‘qotmaslikka yordam beradigan 3 ta qoida
Qonun ta’tilni qismlarga bo‘lishga ruxsat beradi, agar qismlardan biri kamida 14 kalendar kun bo‘lsa.
-
Shanba uchun olti kunlik ish haftasi bo‘yicha haq to‘lanadi, lekin besh kunlik ish haftasida siz baribir ishlamaysiz. Shuning uchun ta’tilni dushanbadan boshlagan va ko‘proq shanbalarni qamrab olgan ma’qul. Bu qo‘shimcha daromad bo‘ladi.
-
Yakshanba ta’til balansidagi kunni sarflaydi, lekin bu kun uchun haq to‘lanmaydi. Bu eng noqulay kun. 21 kunlik uzluksiz ta’tilda odatda uchta yakshanba bo‘ladi.
-
Ishlanmaydigan bayram kuni ta’til kunini sarflamaydi va ta’tilni uzaytiradi. Bu kun uchun haq to‘lanmaydi, lekin dam olish muddatini uzaytiradi.
Qolgan kunlarni «dushanba–shanba» ko‘rinishida qisqa qismlarga bo‘lib olish orqali yakshanba kunlarini sarflamasdan, ko‘proq haq to‘lanadigan kunlarga ega bo‘lish mumkin.
Yodda tuting
● Ta’tilga chiqishdan oldingi 12 oyda qancha ko‘p ish haqi olgan bo‘lsangiz, ta’til puli shuncha ko‘p bo‘ladi.
● Ta’til kuni «o‘rtacha ish haqi ÷ 25,3» bo‘yicha, ish kuni esa «oylik maosh ÷ oydagi ish kunlari» bo‘yicha to‘lanadi. Ish kuni ta’til kunidan arzon bo‘lganida foyda bo‘ladi.
● 2026 yilda ta’til uchun eng foydali oylar – aprel, iyun, iyul va dekabr. Eng noqulay oy – may. Undan keyin yanvar, fevral, mart va avgust.
● Yakshanba va bayram kunlari uchun haq to‘lanmaydi, shanbalar uchun esa to‘lanadi. Bayramlar ko‘p bo‘lgan oylar uzoqroq dam olish imkonini beradi.
● May kabi noqulay oylar uzoqroq dam olish uchun yaxshi.
● Ishlab chiqarish kalendari har yili o‘zgaradi, diniy bayramlar sanasi esa aniqlashtirib boriladi. Shuning uchun aniq hisob-kitobni aniq sanalar bo‘yicha qilish kerak.
Mavzuga oid
17:48 / 23.06.2026
1 iyuldan pensiya va nafaqalar, 1 sentabrdan oyliklar oshadi
12:17 / 22.06.2026
2025 yil OTMni bitirganlarining o‘rtacha ish haqi 5,1 mln so‘mni tashkil etdi
15:27 / 20.05.2026
Soliqchilarga to‘lanadigan ustamalar oshirildi
16:38 / 26.11.2024