Jahon | 10:15
1664
3 daqiqa o‘qiladi

Avstriyaning ikkinchi yirik shahri kommunistlarga ovoz berdi

Avstriyaning ikkinchi yirik shahri - Gratsda bo‘lib o‘tgan shahar kengashi saylovida Kommunistik partiya (KPÖ) eng ko‘p ovoz to‘pladi. Partiya ketma-ket ikkinchi marta g‘alaba qozonib, saylovchilar qo‘llab-quvvatlovini yanada oshirishga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: Erwin Scheriau/APA/dpa/picture alliance

28 iyun kuni bo‘lib o‘tgan saylovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Avstriya Kommunistik partiyasi 35,63 foiz ovoz to‘pladi. Bu unga shahar kengashidagi 48 o‘rindan 18 tasini egallash imkonini beradi.

Bu kommunistlarning Gratsdagi ketma-ket ikkinchi g‘alabasi hisoblanadi. Partiya 2021 yilda ham kutilmagan tarzda saylovda birinchi o‘rinni egallagan edi. O‘shanda KPÖ 28,84 foiz ovoz olgan bo‘lsa, bu safar uning qo‘llab-quvvatlovchilari yanada ko‘paydi.

Siyosiy tahlilchilarning ta’kidlashicha, «Grats boshqacha ovoz beradi» degan ibora bu gal ham o‘z tasdig‘ini topdi. Chunki kommunistlar mamlakatning ikkinchi yirik shahrida mashhur bo‘lsa-da, ular 60 yildan ziyod vaqtdan beri Avstriya parlamentiga kirish uchun zarur ovoz to‘play olmagan.

Kuzatuvchilar partiyaning muvaffaqiyatini birinchi navbatda uy-joy siyosati bilan bog‘lamoqda.

2021 yildan buyon Grats burgomistri lavozimida ishlab kelayotgan Elke Kar shaharda uy-joy qurilishi va aholini turar joy bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha faoliyati bilan tanilgan.

Tahlilchilar fikricha, mahalliy kommunistlar aynan shu yo‘nalishga urg‘u berib, raqiblariga qarshi keskin populistik bayonotlarsiz ish olib borgani saylovchilar ishonchini qozonishga yordam bergan.

Partiya o‘z dasturida ijtimoiy adolat, kapitalizm tanqidi va an’anaviy so‘l g‘oyalarni saqlab qolgan bo‘lsa-da, Elke Kar bu mavzularda ehtiyotkor siyosiy uslubni tanlagan.

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari qayd etishicha, Kar avvalroq Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi joriy etgan sanksiyalarini tanqid qilgan. U Rossiyaning Ukrainaga qarshi hujumini qoralagan bo‘lsa-da, iqtisodiy cheklovlar samarasiz ekanini va ular asosan aholi zimmasiga og‘irlik solayotganini aytgan.

Saylovda ikkinchi o‘rinni Avstriya Xalq partiyasi egallab, 25,35 foiz ovoz oldi. «Yashillar» 14,84 foiz bilan uchinchi o‘rinni band qildi.

Butun mamlakat miqyosida ommabop bo‘lgan o‘ng populistik Avstriya Ozodlik partiyasi esa Gratsda atigi 12,2 foiz ovoz to‘plab, to‘rtinchi o‘rinda qoldi.

Bu natija mamlakatdagi umumiy siyosiy manzaradan farq qiladi. Chunki 2024 yilgi parlament saylovlarida aynan Avstriya Ozodlik partiyasi birinchi o‘rinni egallagan, kommunistlar esa parlamentga o‘tish uchun yetarli ovoz to‘play olmagan edi.

Biroq parlament saylovidan keyingi uzoq muzokaralar natijasida o‘ng populistlar hukumat tuza olmadi. Sotsial-demokratlar, liberallar va konservatorlar uch partiyali koalitsiya tuzishga kelishib oldi va mamlakat kansleri etib Avstriya Xalq partiyasi vakili Kristian Shtoker tayinlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid