Sport | 19:00
2237
2 daqiqa o‘qiladi

Enso Mareska "Manchester Siti"ga bosh murabbiy etib tayinlandi

46 yoshli italiyalik mutaxassis Pep Gvardiolani almashtirdi va 2029 yilning yoziga qadar shartnoma imzoladi.

Foto: "Manchester Siti" klubi

"Manchester Siti" klubi Enso Mareskani bosh murabbiy etib tayinlaganini rasman e’lon qildi. 46 yoshli italiyalik mutaxassis Pep Gvardiolani almashtirdi va 2029 yilning yoziga qadar shartnoma imzoladi.

Mareska "shaharliklar"ga yaxshi tanish: 2022/23-yilgi mavsumda u Gvardiolaning yordamchisi bo‘lib ishlagan va jamoaga “trebl”ni qo‘lga kiritishga yordam bergan. Ilgari u EDS yoshlar jamoasini boshqargan va u bilan Premer-liga 2 chempioni bo‘lgan.

"Siti"dan ketganidan so‘ng italiyalik murabbiy "Lester"ni muvaffaqiyatli boshqardi (birinchi mavsumdayoq APLga ko‘tarildi), keyin esa "Chelsi"da klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqdi.

"Manchester Siti"ga qaytganimdan juda xursandman. Bu ajoyib tarix va ambitsiyalarga ega o‘zgacha klub. Men muvaffaqiyat an’analarini davom ettirishga va dunyoning eng yaxshi futbolchilari bilan ishlashga tayyorman", dedi yangi bosh murabbiy.

Mareska allaqachon City Football Academy o‘quv-mashg‘ulot bazasiga borib, yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlagan.

Uning boshchiligidagi ilk rasmiy o‘yin Osiyodagi mavsumoldi safari doirasida (1 avgust kuni Honkongda "Inter"ga qarshi) o‘tkazilishi kutilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid