Biznes | 18:47
1107
13 daqiqa o‘qiladi

VKontakte, FSB va Telegram. Pavel Durovning hayot yo‘li

Telegram shunchaki messenjer emas, balki millionlab odamlarning kundalik hayotiga chuqur kirib borgan axborot maydoniga aylanib ulgurgan. Masalan, O‘zbekistondagi yangiliklar, davlat idoralari xabarlari, reklamalar va hatto ijtimoiy-siyosiy muhokamalarning asosiy qismi aynan shu yerda bo‘ladi. Ushbu platforma qanday paydo bo‘lgan? Pavel Durov kim? Uning Rossiya maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilishi haqidagi iddaolar qanchalik asosli?

Kun.uz “Biznes vaqti” ruknida zamonaviy texno olamning eng sirli va bahsli shaxslaridan biri — Pavel Durov va foydalanuvchilari soni milliarddan oshgan Telegram hamda VKontakte’ning yaratilishi haqida hikoya qiladi.  

Italiyada o‘tgan bolalik

Durov 1984 yilda Sankt-Peterburg shahrida tug‘ilgan. Yosh Pavel 4 yoshga to‘lar-to‘lmas oilasi bilan birga Italiyaga ko‘chib ketadi. Shu sababli bolaligining bir qismi Turin shahrida o‘tgan. Keyinchalik Durovlar oilasi Rossiyaga qaytgach, Pavel akademik gimnaziyaga o‘qishga kirdi va aynan shu yerda dasturlashga mehr qo‘yadi. U o‘smirlik chog‘idayoq o‘ta iqtidorli, ammo isyonkor o‘quvchi sifatida taniladi. Bir kuni maktab kompyuterlari tarmog‘ini buzib kirib, barcha ekranlarga informatika o‘qituvchisining suratini joylashtiradi va “Must die” ya’ni “O‘lishi kerak” degan yozuvni o‘rnatib qo‘yadi. Bu ishi uchun Pavelga ma’lum muddat kompyuterdan foydalanishga taqiq ham qo‘yiladi.

2001 yilda bo‘lajak multimilliarder Sankt-Peterburg davlat universitetining filologiya fakultetiga o‘qishga kiradi. Talabalik yillarida u Durov.com degan ilk onlayn loyihasi — talabalar uchun elektron kutubxona yaratadi. Aynan ushbu loyiha odamlarni kengroq masshtabda birlashtiruvchi yirikroq platforma yaratish g‘oyasining paydo bo‘lishiga turtki beradi. 

rbc.ru


VKontakte: hammasi qanday boshlangan?

2006 yil. Pavel universitetni tamomlash arafasida bir necha kun oldin AQShdan qaytgan maktabdosh do‘sti — Vyacheslav Mirilashvili bilan ko‘rishib qoladi. U Durovga G‘arbda kun sayin ommaviylashib borayotgan Mark Tsukerbergning Facebook ijtimoiy tarmog‘i haqida so‘zlab beradi. Pavel odamlar o‘zlarining ismi, qiyofasi va o‘qish joyini ko‘rsatgan holda muloqot qiladigan ushbu ochiq konseptning Rossiya va MDH bozori uchun qanchalik katta potensialga ega ekanligini darhol anglab yetadi. G‘oyani amalga oshirish uchun uch narsa talab etilardi: ishonchli jamoa, pul va kuchli dasturchilar. Vyacheslavning otasidan 30 ming dollar qarz olinadi. Loyihaning asosiy texnik yukini ko‘tarish uchun Pavelning akasi, matematik va dasturlash dahosi deya ta’riflanadigan Nikolay Durov jalb qilinadi. Aynan Nikolay yaratgan mukammal arxitektura va ma’lumotlar bazasi keyinchalik platformaga millionlab foydalanuvchilar kirganda ham saytning qotib qolmasdan tez ishlashini ta’minlaydi. Loyiha dastlab talabalarni jalb qilish uchun “Student.ru” deb nomlanishi rejalashtirilgandi. Ammo, Pavel bu nom kelajakda ularning auditoriyasini yosh chegarasi bilan cheklab qo‘yishini tushunadi. U barcha qatlamlarga mos keladigan, kengroq va har qanday vaziyatda ishlatiladigan so‘z qidirib, VKontakte nomini tanlaydi.

2006 yil 10 oktyabr — Durov o‘zining 22 yoshga to‘lgan kunida saytning ilk versiyasini ishga tushiradi. Boshlang‘ich bosqichda platformaga faqatgina maxsus taklifnoma orqali a’zo bo‘lish mumkin edi. Bu “elitaning yopiq klubi” effektini yaratib, yoshlar orasida saytga kirish va taklifnoma olish istagini keskin oshirib yuboradi. Keyingi yillarda internetda davlat nazoratining deyarli yo‘qligi va qulay interfeys sababli VK aqlbovar qilmas darajada tez ommaviylashadi. Shu tariqa VKontakte nafaqat muloqot maydoni, balki millionlab odamlar fikr almashadigan, guruhlarga birlashadigan ulkan ijtimoiy-siyosiy platformaga aylandi. Aynan mana shu nuqtada Pavel Durov va Rossiya hukumati o‘rtasida jiddiy to‘qnashuvlar boshlandi.

2011 yil dekabrda Davlat Dumasiga o‘tkazilgan saylovlardan keyin Rossiyada ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Muxolifat vakillari namoyishlarni tashkil etish uchun asosan VKdagi guruhlardan foydalanadi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) Durovdan ushbu muxolif guruhlarni, xususan, Aleksey Navalniy tarafdorlarini bloklashni va ularning administratorlari ma’lumotlarini topshirishni talab qiladi. U o‘zining Tvitter sahifasida FSBning talabiga “rasmiy javob” sifatida kapyushon kiygan, tilini chiqarib turgan it rasmini joylashtiradi. Bu tadbirkorning ochiq isyoni sifatida baholanadi.

Hukumat Durovni to‘g‘ridan to‘g‘ri qamoqqa olish xalqaro miqyosda katta rezonans va norozilik uyg‘otishini tushunardi. Shu sababli uni kompaniyadan chetlashtirish uchun iqtisodiy va korporativ bosim boshlanadi. 2013 yilda Pavelning sheriklari Vyacheslav Mirilashvili va Lev Leviyev o‘zlarining VKontakte’dagi jami 48 foiz aksiyalarini Kremlga yaqin bo‘lgan investitsiya fondiga to‘satdan sotib yuborishdi. Yangi aksiyadorlar kelishi bilan Durovga nisbatan doimiy ayblovlar va tekshiruvlar boshlanadi. Uni kompaniya pullarini shaxsiy loyihalariga sarflashda ayblashadi.

2013-2014 yillarda hukumat bosimi eng yuqori nuqtaga chiqadi. FSB Paveldan muxolifatchi Aleksey Navalniyning guruhini yopish va ukrainalik «Yevromaydon» faollarining shaxsiy ma’lumotlarini berishni talab qiladi. Pavel bu so‘rovlarni ham qat’iyan rad etadi. U o‘z foydalanuvchilariga xiyonat qila olmasligini aytadi. 2014 yil bahorida Durov VK bosh direktorligidan chetlatildi. Uning o‘zida qolgan 12 foiz aksiyasi ham majburan sotiladi. Kompaniyasidan ayrilgan va qamoqqa olinish xavfi ostida qolgan Pavel darhol Rossiyani tark etadi va boshqa bu yerga qaytmasligini e’lon qiladi.  

Telegramning paydo bo‘lishi

Telegram’ning yaratilish g‘oyasi Pavel hali Rossiyada ekanligidayoq paydo bo‘ladi. Durov intervyularidan birida ta’kidlashicha, kunlarning birida uning uyi oldiga qurollangan  maxsus xizmat xodimlari keladi. Tadbirkor akasi Nikolayga nimalar yuz berayotganini xabar qilmoqchi bo‘ladi. Ammo u yozayotgan SMS yoki oddiy qo‘ng‘iroqlar hukumat tomonidan osongina eshitilishi va o‘qilishi mumkinligini anglab turardi. Shu lahzada Pavel xavfsiz va hech bir uchinchi taraf o‘qiy olmaydigan aloqa kanaliga muhtoj ekanligini tushunadi. 2013 yilning avgust oyida Telegram rasman ishga tushiriladi. Dastlab uni hech kim jiddiy qabul qilmadi va “WhatsUpp’ning navbatdagi nusxasi” deya baholashdi. Ammo, vaqt o‘tgan sayin platforma shiddatli tarzda ommaviylasha boshladi va ishga tushirilgan yiliyoq 100 ming nafar foydalanuvchi yig‘di. Boshlang‘ich bosqichda faqat bitta qoida bor edi: hech qanday sarmoyadorlar, reklamalar va pullik obunalarsiz xizmat ko‘rsatish.

Boshqa messenjerlar guruhlarga odam qo‘shishda qattiq cheklovlar qo‘ygan bir paytda, Telegram 200 ming kishilik guruhlar tuzish imkonini berdi. Ommaviy “kanallar” funksiyasi esa platformani oddiy yozishmalar vositasidan yirik media maydonga aylantirdi. Katta hajmdagi fayllarni jo‘natish xususiyati ham ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Shu tariqa doimiy foydalanuvchilar soni 2016 yilda 100 mln, 2021 yilda 500 mln, 2025 yilda esa 1 mlrd nafardan oshadi.

FSB bilan hamkorlik ayblovi

Rossiyada “Yarovaya qonuni” qabul qilingach, barcha aloqa operatorlari va messenjerlar foydalanuvchilarning yozishmalarini saqlashi va talab qilinganda maxsus xizmatlarga shifrlash kalitlarini topshirishi shart etib belgilanadi. Ushbu talab fonida 2018 yil Telegram va Rossiya Federal xavfsizlik xizmati o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keladi. FSB Durovdan maxsus nazoratdagi jinoyatchilarning Telegram yozishmalarini aniqlash uchun ularni shifrdan chiqarishni so‘raydi. Durov esa bu boshqa millionlab foydalanuvchilarning daxlsizligiga raxna solishini aytib, bu talabga ko‘nmaydi. Oqibatda Rossiyada messenjerni bloklash boshlanadi. Dastlabki kunlarda buni uddalashdi ham, ammo keyinchalik qo‘shimcha serverlar yordamida cheklovni “aylanib o‘tgan” Telegram Rossiyada ishlashda davom etdi.

“Roskomnadzor” Telegram ulanayotgan har bir yangi IP-manzilni bloklay boshlaydi. Natijada bir necha kun ichida 15 milliondan ortiq IP-manzillar bloklab tashlanadi. Bu esa Rossiyada haqiqiy tartibsizlikni keltirib chiqardi — Telegram ishlashda davom etaverdi, lekin boshqa mutlaqo aloqasi yo‘q xizmatlar — bank tizimlari, aviachiptalar sotuvi, internet-do‘konlar, hattoki davlat saytlarining o‘zi ham ishdan chiqadi. Durov o‘z foydalanuvchilarini “Raqamli qarshilik” ramzi sifatida yakshanba kunlari derazadan Telegram logotipi aks etgan qog‘oz samolyotchalar uchirishga chaqirdi. Millionlab odamlar bu aksiyaga qo‘shildi. 

2020 yil iyun oyiga kelib Rossiyada Telegram’ni bloklash to‘xtatildi. Birinchidan, bunga texnik jihatdan erisha olishmadi. Ikkinchidan, rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Durov terrorizmga qarshi kurashishini ma’lum qilgach, “Roskomnadzor” Bosh prokuratura bilan kelishgan holda messenjerni bloklash talabini olib tashlaydi. Ko‘p o‘tmay, Telegram bloklanishining tashabbuskori bo‘lmish “Roskomnadzor”ning o‘zi ham messenjerda kanal ochadi. 

2022 yil Ukrainadagi voqealar fonida Rossiya o‘z hududida Facebook, Instagram va Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlarni blokladi, Meta kompaniyasi ekstremistik deb topildi. Ammo dunyo bo‘ylab borgan sari eng qulay axborot almashish vositasiga aylanib borayotgan Telegram bloklanmaydigan bo‘ldi. Bu esa messenjer atrofida turli gap-so‘zlar paydo bo‘lishiga olib keldi. Ayrimlar Durov FSB bilan murosaga borgani va o‘zaro kelishuv qilgani haqida gapira boshladi. Amalda bu iddaolar o‘z tasdig‘ini topmadi. 

2026 yilga kelib vaziyat yanada keskinlashdi. Rossiya maxsus idoralari Telegram va boshqa g‘arb messenjerlarini sekinlashtirish va oxir-oqibat to‘liq yopish ishlarini boshladi. Umuman olganda, Durovning Rossiya bilan ehtimoliy aloqalari haqida jiddiy surishtiruvlar mavjud bo‘lsa-da, buni aniq tasdiqlovchi ishonchli va ochiq dalil yo‘q. Oxirgi voqealar ham bu fikrlarni inkor etadi.  

Parijdagi qamoq

2024 avgust oyida kutilmaganda Durov Parij aeroportida qo‘lga olindi. Fransiya politsiyasi Pavelni qator jinoyatlarda aybladi. Jumladan, Telegram orqali bolalar ekspluatatsiyasi, giyohvand moddalar savdosi va pul yuvish kabi jinoyatlar avj olgani va kompaniya maxsus organlar so‘rovlarini e’tiborsiz qoldirgani iddao qilindi. Dastlab tadbirkor garov puli evaziga ozodlikka chiqarilgan bo‘lsa, keyinchalik Fransiya hukumati Durovga mamlakatni tark etish bo‘yicha qo‘yilgan qat’iy taqiqni bekor qildi. Shunday bo‘lsa-da, mazkur jinoyat ishi hamon yopilmagan.

Parijdagi hibs nafaqat Pavel Durovning shaxsiy hayotiga, balki Telegram’ning fundamental ishlash prinsiplariga ham juda kuchli ta’sir ko‘rsatdi. 2024 yilning sentabr oyidan messenjer o‘zining maxfiylik siyosatiga tarixiy o‘zgartirish kiritdi. Endilikda platforma sud orderi yoki qonuniy asoslangan yuridik so‘rov bo‘lgan taqdirda, qonunbuzar foydalanuvchilarning IP-manzillari va telefon raqamlarini huquq-tartibot organlariga taqdim etishga rozi bo‘ldi. “Yaqin atrofdagi odamlar” funksiyasi olib tashlandi. Bu funksiya giyohvand moddalar sotuvchilariga osongina xaridor topishda yordam berishi ta’kidlanib, tanqid qilinardi. Zararli kontentlarni o‘chirish bo‘yicha sun’iy intellekt va maxsus guruhlar tashkil etildi. Premium obunachilarining keskin ortishi, platforma ichidagi kriptovaluta operatsiyalari va yangi monetizatsiya strategiyalari fonida kompaniyaning sof daromadi 2024 yilda 540 mln dollargacha oshdi.

Bugungi kunda Durov Dubayda yashaydi va Telegram bosh qarorgohi ham shu yerda joylashgan. Bu Birlashgan Arab Amirliklarining ham G‘arb, ham Rossiyaning geosiyosiy tortishuvlariga nisbatan neytral, ya’ni betaraf davlat ekanligi bilan izohlanadi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid