O‘zbekiston | 09:40
716
2 daqiqa o‘qiladi

Geologiya va konchilik sohasida xavf darajasi elektron tarzda aniqlanadi

Yer qa’rini geologik o‘rganish va foydali qazilmalarni qazib olish sohasida davlat nazoratini takomillashtirish maqsadida “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi joriy etiladi. Yangi tartib tadbirkorlik sub’yektlarining qonunchilikka rioya etish xavfini avtomatlashtirilgan tarzda baholash imkonini beradi.

Foto: Kun.uz

Adliya vazirligi Yer qa’rini geologik o‘rganishda foydali qazilmalar hamda mineral xomashyoni qazib olish sohasida nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Nizomga muvofiq, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfi avtomatlashtirilgan tarzda baholanadi. Bunda davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlar asos qilib olinadi.

Shu bilan birga, xavf tahlilini o‘tkazish jarayonida tadbirkorlik sub’yektlaridan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumotlar talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xavf darajasini baholash yer qa’rini geologik o‘rganish, foydali qazilmalarni qazib olish, neft-gaz tarmog‘ida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish, uglevodorod xomashyosini qazib chiqarish hamda yerosti suvlaridan oqilona foydalanish sohalari uchun alohida mezonlar asosida amalga oshiriladi.

Tizimga ko‘ra, huquqbuzarlik xavfi yuqori, o‘rta va past toifalarga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiritilgan sub’yektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilik talablariga muvofiq tashkil etiladi. Past xavf toifasidagi tadbirkorlik sub’yektlarida esa tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.

Shuningdek, elektron tizim orqali aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmasligi belgilangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid