Iqtisodiyot | 11:55
2391
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarida Rossiyaning ulushi pasayishda davom etmoqda

Joriy yil I choragida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning mos davridan 13 foizga oshib, 3,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Umumiy o‘tkazmalar tarkibida Rossiyadan jo‘natilgan mablag‘lar ulushi bir yil oldingidan 5,2 foiz punktga pasayib, 72,4 foizga tushdi. Mazkur davrda Rossiyada patent asosida ishlagan o‘zbekistonliklar soni 1,34 mln nafar bo‘lib, bu ko‘rsatkich yillik nisbatda 1,8 foizga kamaygan.

Foto: Getty Images

2026 yilning I choragida xorijga chiqqan O‘zbekiston fuqarolari soni 1,63 mln nafarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,6 foizga oshdi. Bu haqda Markaziy bankning mehnat bozori sharhida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, mazkur davrda havo transportida tashilgan yo‘lovchilar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32 foizga oshib, 2,25 mln nafarni tashkil etgan.

Rossiya davlat statistikasi federal xizmatiga ko‘ra, 2026 yil I choragida Rossiyada patent asosida mehnat faoliyatini amalga oshirgan O‘zbekiston fuqarolari soni 1,34 mln nafarni tashkil qildi. Bu – o‘tgan chorakka nisbatan 8,8 foizga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 1,8 foizga kam. Mazkur kamayish mavsumiy omillar hamda tashqi mehnat bozori sharoitlaridagi o‘zgarishlar bilan izohlanishi mumkin.

Markaziy bankning qayd etishicha, mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish jarayoni davom etmoqda.

Xususan, Turkiyada migratsiya ruxsatnomasini olayotgan o‘zbekistonliklar soni oshib bormoqda. Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiyani boshqarish organi ma’lumotlariga ko‘ra, I chorakda bunday ruxsatnomalar soni qariyb 70 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14 foizga oshgan.

Janubiy Koreyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari soni ham I chorakda barqaror o‘sishni davom ettirib, 99,6 ming nafarga yetdi.

Pul o‘tkazmalari

2026 yil I choragida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 3,8 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga oshdi.

Pul o‘tkazmalari tarkibida ham mamlakatlar kesimida diversifikatsiya davom etmoqda. Biroq, ushbu jarayonning sur’ati va davomiyligi tashqi mehnat bozorlari hamda asosiy hamkor davlatlardagi makroiqtisodiy sharoitlarga bog‘liq bo‘lib qoladi.

Xususan, 2026 yil I choragida Rossiyadan kelib tushgan pul o‘tkazmalarining ulushi o‘tgan yilning mos davridagi 77,6 foizdan 72,4 foizgacha pasaydi. Bu, asosan, yil boshidan patent to‘lovlarining oshishi, rubl kursining nisbatan mart oyida qadrsizlanishi, hamda mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarining kengayishi bilan izohlanadi.

Shu bilan birga, umumiy pul o‘tkazmalarda Qozog‘istonning ulushi 1 foiz bandga oshib 4,1 foizni, Yevropa davlatlarining ulushi 1 foiz bandga oshib 3,3 foizni, Janubiy Koreyani ulushi 0,6 foiz bandga oshib 4,1 foizni tashkil etdi.

Boshqa davlatlar ulushi esa 2,6 foiz bandga oshib, 16,2 foizga yetdi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid