Jahon | 11:20
1492
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya 7 ta temiryo‘l chegara punkti faoliyatini to‘xtatdi

Rossiya hukumati 1 iyuldan boshlab Finlandiya, Estoniya va Latviya bilan chegarada joylashgan to‘qqizta temiryo‘l o‘tish punktining yettitasi orqali odamlar, transport vositalari va yuklar harakatini vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi. Cheklovlar qancha muddat amal qilishi hozircha ma’lum qilinmagan.

Foto: DW

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin imzolagan tegishli qaror huquqiy axborotlar portalida e’lon qilindi. Hujjatga muvofiq, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu qaror haqida Finlandiya, Estoniya va Latviya hukumatlarini rasman xabardor qilishi lozim.

Qarorga ko‘ra, Finlandiya bilan chegaradagi barcha temiryo‘l o‘tish punktlari vaqtincha yopiladi. Ular qatoriga Leningrad viloyatidagi «Viborg» va «Svetogorsk», Kareliyadagi «Vyarsilya» va «Lyuttya», shuningdek Sankt-Peterburgdagi «Finlandiya» temiryo‘l punkti kiradi. «Rosgranstroy» ma’lumotlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida boshqa temiryo‘l chegara o‘tish punktlari mavjud emas.

Estoniya bilan chegarada Pskov viloyatida joylashgan «Pechory-Pskovskiye» temiryo‘l punkti yopiladi. Leningrad viloyatidagi «Ivangorod» yuk va yo‘lovchi tashish punkti esa o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Latviya bilan chegarada esa Pskov viloyatidagi «Pitalovo» punkti orqali harakat to‘xtatiladi. Shu bilan birga, «Sebej» yuk-yo‘lovchi punkti ishlashda davom etadi.

Rasmiy hujjatda mazkur cheklovlar qanday sabablarga ko‘ra joriy etilganiga izoh berilmagan. Shuningdek, ularning amal qilish muddati ham ochiqlanmagan.

Shu bilan birga, Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy bojxona boshqarmasi Estoniyaning Narva chegara punkti tomonida Rossiyaga kirishni istovchilarning uzun navbatlari yuzaga kelganini ma’lum qildi.

Bojxona ma’lumotiga ko‘ra, ayrim vaqtlarda Rossiyaga o‘tishni kutayotganlar soni 350 nafargacha yetadi, kutish vaqti esa o‘nlab soatlar, ayrim hollarda bir sutkadan ham ortiq davom etadi.

Qayd etilishicha, 15 iyundan boshlab Narva chegara punkti qisqartirilgan ish rejimiga o‘tgan. Endi piyodalar ushbu punkt orqali faqat soat 07:00 dan 19:00 gacha o‘tishi mumkin. Avval bu vaqt 23:00 gacha edi.

Rossiya tomonining bildirishicha, 2024 yil avgustidan buyon Estoniya chegara xizmati Rossiyaga kirayotgan shaxslar va ularning yuklarini yanada sinchiklab tekshirmoqda. Bu esa chegaraning o‘tkazish qobiliyati pasayishiga sabab bo‘lgan.

Estoniyaning Delfi nashri ham 29 iyun kuni Narva chegarasida ko‘p kilometrli navbatlar yuzaga kelganini xabar qilgan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, eng serqatnov vaqtlarda navbatdagilar soni 500 nafargacha yetgan, ayrimlar chegaradan o‘tish uchun 16 soatgacha kutishga majbur bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid