Texnologiya | 08:16
1105
3 daqiqa o‘qiladi

Starlink endi mobil operatorga aylanishi mumkin

Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasi AQShda xususiy foydalanuvchilar uchun Starlink Mobile mobil aloqa xizmatini ishga tushirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Agar loyiha amalga oshsa, u mamlakatdagi milliardlab dollarlik mobil aloqa bozoridagi eng yirik tijoriy loyihalardan biriga aylanishi mumkin.

Foto: Getty Images

Financial Times nashrining vaziyatdan xabardor to‘rt manbasiga ko‘ra, SpaceX prezidenti va bosh operatsion direktori Gvinn Shotvell investorlar bilan uchrashuvda kompaniya o‘zining chakana mobil aloqa xizmati — Starlink Mobileʼni ishga tushirish hamda AQShda xususiy yerusti mobil tarmog‘ini qurish imkoniyatini o‘rganayotganini ma’lum qilgan.

Mazkur reja amalga oshsa, SpaceX mobil aloqa xizmatlarini foydalanuvchilarga bevosita taklif etadigan to‘liq chakana biznesni yo‘lga qo‘yadi. Bu esa kompaniyani AQShning eng yirik mobil operatorlari — Verizon Wireless, AT&T va T-Mobile uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchiga aylantiradi.

Hozirgacha SpaceX boshqacha biznes modelidan foydalanib kelgan. Kompaniya mobil aloqa operatorlariga, jumladan T-Mobileʼga, Starlink sun’iy yo‘ldoshlari tarmog‘idan foydalanish imkonini berib, qishloq hududlari va aloqa yetib bormaydigan joylarda mobil qamrovni kengaytirishga yordam berib kelmoqda.

Bunday hamkorlik shartlarining moliyaviy jihatlari ochiqlanmagan. Biroq tahlilchilar fikricha, Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqasini o‘z ichiga olgan mobil tariflardan tushadigan daromadning ma’lum qismini oladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Starlink Mobileʼning ishga tushirilishi SpaceX uchun Starlink loyihasi boshlanganidan beri amalga oshiriladigan eng yirik tijoriy tashabbuslardan biri bo‘lishi mumkin.

Bugungi kunda kompaniyaning Starlink sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i dunyoning 150 dan ortiq mamlakatida yuqori tezlikdagi internet xizmatini taqdim etmoqda. U Yer atrofidagi eng yirik sun’iy yo‘ldoshlar guruhi orqali faoliyat yuritadi.

SpaceX o‘z mobil aloqa xizmatini ishga tushirishi kompaniyaga sun’iy yo‘ldosh interneti bozoriga nisbatan ancha katta hajmga ega mobil aloqa segmentiga kirish imkonini beradi. Shu bilan birga, u Starlink bilan yakuniy mijozlar o‘rtasida vositachi bo‘lib kelayotgan mobil operatorlarga qaramlikni ham kamaytirishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid