Jahon | 08:15
2436
3 daqiqa o‘qiladi

Sun’iy yo‘ldosh Yevropadagi rekord issiqni koinotdan tasvirga oldi

Iyun oyida Yevropani qamrab olgan kuchli issiqlik to‘lqini sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida yaqqol aks etdi. Yevropa kosmik agentligi (ESA) ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim hududlarda yer yuzasi harorati 55 darajagacha yetgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti esa ushbu anomal issiq oqibatida 1300 dan ortiq odam vafot etgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.

Foto: ESA

Yerning past orbitasida harakatlanuvchi Yevropaning Sentinel-3 sun’iy yo‘ldoshi iyun oyida kuzatilgan rekord issiq bo‘yicha ma’lumotlarni to‘pladi. Ushbu ma’lumotlar asosida tayyorlangan tasvirlar ekstremal ob-havo hodisasining qanchalik katta hududni qamrab olganini namoyish etdi.

Yevropa kosmik agentligi (ESA) e’lon qilgan tasvirda yer yuzasi harorati turli ranglar bilan ifodalangan bo‘lib, eng yuqori harorat qayd etilgan hududlar qizil va binafsha tuslarda ko‘rsatilgan. Surat 23 iyun kuni olingan bo‘lib, aynan shu kuni Fransiyada kuzatuvlar tarixidagi eng issiq iyun kuni qayd etilgan.

Sentinel-3 ma’lumotlariga ko‘ra, Ispaniyaning markaziy hududlari, Fransiyaning g‘arbiy qismi va Shimoliy Afrikaning ayrim joylarida yer yuzasi harorati 55 darajagacha ko‘tarilgan. Madrid atrofida bu ko‘rsatkich 48 daraja, Rim yaqinida esa 44 daraja bo‘lgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday yuqori harorat Yevropaning katta qismi uchun misli ko‘rilmagan holat hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (VOZ) dastlabki baholashlarga ko‘ra, iyun oyidagi issiqlik to‘lqini bilan 1300 dan ortiq o‘lim bog‘liq bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesusning ta’kidlashicha, Yevropa dunyoda eng tez isib borayotgan mintaqaga aylangan.

«Yevropa Yer yuzidagi eng tez qizib borayotgan hudud hisoblanadi. Bu yerda haroratning oshish sur’ati jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan ikki baravar yuqori», — deya yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Sentinel-3 sun’iy yo‘ldoshi Sea and Land Surface Temperature Radiometer (SLSTR) radiometri bilan jihozlangan bo‘lib, u quruqlik va suv yuzasi haroratini real vaqt rejimida o‘lchaydi. Olimlar ushbu ma’lumotlardan ekstremal ob-havo hodisalarining kelib chiqish sabablari, rivojlanishi va ularning aholi hamda atrof-muhitga ta’sirini chuqur o‘rganishda foydalanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid