Jamiyat | 10:20
3195
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda davlat zaxirasidagi yerni 160 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan fuqaro ushlandi

Toshkentda kadastr bosh inspektori yengil konstruksiyali qurilmalarni buzmaslik va jarima qo‘llamaslik evaziga 2 ming dollar pora olayotganida ushlandi. Andijonda esa davlat zaxirasidagi 40 sotix yer uchun 160 ming dollar talab qilib, uning 80 ming dollarini olgan fuqaro qo‘lga olindi.

Toshkent shahri va Andijon viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda pora olish va davlat yerini noqonuniy sotishga urinish bilan bog‘liq korrupsiyaviy holatlar fosh etildi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, DXXning Call-markaziga kelib tushgan murojaat asosida DXXning Toshkent shahar boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda Kadastr agentligining Yashnobod tuman bo‘limi bosh inspektori uchinchi shaxs orqali 2 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, mahalliy fuqaro tomonidan noqonuniy o‘rnatilgan yengil konstruksiyali qurilmalarni buzdirmaslik va unga nisbatan jarima qo‘llamaslik evaziga ushbu mablag‘ni talab qilgan.

Yana bir holat Andijon shahrida qayd etilgan. 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro xaridorga Andijon tumanidagi davlat zaxirasida bo‘lgan 40 sotix yer maydonini go‘yoki E-auksion orqali yutib olganini aytib, uni kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Buning evaziga u 160 ming AQSh dollari talab qilgan. DXX, ichki ishlar va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi oldindan 80 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid