Sport | 21:00 / 04.07.2026
2575
13 daqiqa o‘qiladi

Mundial yulduzlari. Runiga qiyoslanayotgan marokashlik to‘purar

Guruh bosqichidagi uchta o‘yinda ham bittadan gol urgan va pley-offda Niderlandiya darvozasiga hal qiluvchi zarbani aniq yo‘llagan Ismoil Saybari turnir qahramonlaridan biriga aylandi. Endi u yangi mavsumni «Bavariya»da boshlaydi. Holbuki u 2 yoshgacha yura olmagan va shundan keyin ham maxsus bandajlar orqali harakatlangan, shifokorlar u yaxshi yurib keta olmasligi mumkinligini taxmin qilishgandi.

Foto: Reuters

Bugun tunda nimchorak final doirasidagi ilk o‘yinda turnir mezbonlaridan biri Kanada himoyachilari turnir kashfiyotlaridan birini to‘xtatishi talab etiladi. U Ispaniyada tug‘ilgan, futbolchilik faoliyatini Belgiyada boshlagan, keyin esa Niderlandiya chempionatiga o‘tib, so‘nggi ikki mavsumda PSV safida porlagan, endi esa jahon chempionatida raqib himoyachilarining dahshatli tushiga aylanmoqda. Ismoil Saybari – Marokash milliy jamoasining yangi yulduzi. U yangi mavsumda gollarini Myunxenning «Bavariya» klubida ura boshlaydi.

Nemislar klubi uning transferini jahon chempionatidan oldinroq hal qilib qo‘ygandi. Agar klub otni vaqtida qamchilamaganida qimmatroq to‘lashiga (hozirda PSV bilan 55 mln yevroga kelishilgan) to‘g‘ri kelgan bo‘lardi. 

Murabbiy topilmasi

Marokashlik forvard guruh bosqichida uchta gol urdi. Braziliya, Shotlandiya va Haitiga bittadan. Uning gollaridan har birini – mini-shedevr deyish mumkin.

Braziliya bilan o‘yinda Saybari yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi va to‘pni Alison ustidan oshirib tashladi. Shotlandiya bilan o‘yinda – ofsayd chizig‘ida harakat qilgan holda ideal tarzda ochilib, jarima maydoniga kirishda to‘pni qabul qilib oldi va kuchli zarbasi bilan olis to‘qqizlikni aniq nishonga oldi. Ikki holatda ham Saybariga Braim Dias assistentlik qildi. Ispaniyada tug‘ilgan bu futbolchilar bir-birini juda yaxshi tushunishadi (tom ma’noda ham, futbol tili ma’nosida ham) his qilishadi. Marokash uchun kutilmaganda murakkab kechgan Haitiga qarshi o‘yinda (4:2) esa Ismoil birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Ashrafa Hakimining qanotdan oshirgan pasini qabul qildi va to‘pni yerlatib burchakka yo‘lladi, bu holatda raqib darvozaboni joyidan qimirlashga ham ulgurmadi.

Pley-offning ilk o‘yinida ham u muntazam ravishda Niderlandiya himoyachilarini tahlika ostida ushlab turdi, uning van Hekke bilan dueli bu turnirdagi eng qizg‘in qarama-qarshiliklardan biriga aylandi (to‘qnashuvlardan birida futbolchining qoshi ham yorildi), yakunda esa penaltilar seriyasida aynan Saybari so‘nggi zarbani aniq yo‘llab, jamoasini keyingi bosqichga olib chiqdi.

Holbuki ushbu 25 yoshli futbolchi faoliyatini markaziy hujumchi sifatida boshlamagan va yaqingacha hujumkor yarimhimoyachi yoki chap qanot vingeri ampluasida o‘ynagan. Faqat shu yil bahorida Marokash bosh murabbiyi etib tayinlangan Muhammad Vahbiy Ismoilni u hali hech qachon o‘ynamagan pozitsiyaga joylashtirdi.

Bu qaror jamoaning yangilangan dinamik o‘yin uslubiga Afrika kubogida asosiy hujumchi bo‘lgan va asosan bosh bilan gol urishga ixtisoslashgan Yusuf An-Nosiriydan ko‘ra jismoniy kuch va tezlikni o‘zida mujassamlashtirgan Saybarining xususiyatlari ko‘proq mos kelishi bilan izohlanadi. Ismoil – butunlay boshqa plandagi, ko‘p funksiyali universal futbolchidir. U maydon bo‘ylab a’lo darajada harakatlanadi, uzoq masofadan aniq va kuchli zarba bera oladi, driblingi ham yomon emas va gol sezish qobiliyatiga ega. Mohiyatan, hozirgi sxemada Saybari hujum nayzasining uchi emas, balki «aldamchi to‘qqizlik» hisoblanadi.

Saybari 2026 yil yanvarida Afrika kubogi finalida Senegalga qarshi o‘yinda
Foto: Youssef Loulidi/AP Photo/TASS

Shon-shuhrat tomon og‘ir yo‘l

Braimdan farqli o‘laroq, Saybari – ispan futboli mahsuloti emas. Kataloniyada muhojirlar oilasida tug‘ilgan bo‘lsa-da, u 6 yoshligida oilasi bilan Belgiyaga ko‘chib o‘tadi va u yerda bir necha klublar, jumladan, «Anderleht» klubi akademiyasida tarbiyalanadi. Lekin aynan shu klub akademiyasida uni chetlatishadi va bu yosh futbolchini futbol va mashg‘ulotlarni o‘zgartirishga undaydi. Saybari kasbiga jiddiy qaraydi, ammo bir muammodan hech qutula olmaydi. Bir safar jamoa yig‘ilishiga navbatdagi marta kechikkanidan keyin PSV bosh murabbiyi Peter Bosning sabr kosasi to‘ladi va u futbolchini mehmonxonada qoldirib, Chempionlar ligasida «Arsenal»ga qarshi kechadigan o‘yin qaydnomasidan chiqarib tashlaydi.

Ushbu voqea futbolchi uchun saboq edi va shundan keyin Bos Saybarini faqat maqtaydi. Shu bilan birga, Ismoil o‘ta odamshinavanda ekani va mashg‘ulotlardan keyin dam olish o‘rniga do‘stlarini ko‘rishga yoki ularga yordam berishga borishni kanda qilmasligini qistirib o‘tadi. O‘z navbatida, tungi klublar va ziyofatlar – uning joyi emas. Saybari bu darajaga katta qiyinchiliklar bilan yetib kelgani uchun hozirgi holatini qadrlaydi. U faqat 2 yoshida yura boshlagan va unga maxsus bandajlar taqib qo‘yishgan, chunki oyoq kaftlari ichkariga qattiq buralgan edi. Shifokorlar hatto u kelgusida normal yura olmasligi mumkinligini taxmin qilishgandi. 14 yoshida esa – organizmning o‘ziga xosligi tufayli – ortiqcha vazn muammosi paydo bo‘ladi va aynan shu tufayli unga «Anderleht»da javob berib yuborishadi.

Ammo u barchasini yengib o‘tdi, nom qozondi va maqsadiga erishdi. Ismoil uch mamlakat pasportiga ega, shu tufayli u Belgiya milliy jamoasida ham o‘ynashi mumkin edi. O‘z vaqtida Roberto Martines futbolchini mamlakat bosh jamoasiga taklif qilgandi, ammo u bu taklifdan hayratdaligini yashirmaydi, ammo allaqachon o‘z tarixiy vatani – Marokash foydasiga tanlov qilib bo‘lganini aytadi.

«Milliy jamoani tanlaganingizda, bu yurakdan chiqishi kerak. Bu qayerda ko‘proq imkoniyatingiz bo‘lishi haqidagi strategik qaror bo‘lmasligi kerak», – deydi bu haqda Saybari.

Ikkinchi Runi 

Martines bilan o‘sha muloqot 2022 yilda bo‘lib o‘tgan, bir yildan keyin Saybari «Atlas sherlari» bilan U23 toifasida Afrika kubogida g‘olib chiqqan. Jamoa o‘shanda Parij olimpiadasiga yo‘llanma oladi va yakunda olimpiada bronza medallarini qo‘lga kiritadi, ammo Ismoilning kolleksiyasida bu bronza yo‘q, chunki o‘shanda PSV uni asrash uchun turnirga jo‘natmagandi.

Foto: Getty Images

Va bu qaror yakunda o‘zini oqladi va keyingi mavsum Ismoilning faoliyatida ko‘tarilish pallasiga aylandi. 2024/2025 yillar mavsumini u ajoyib o‘tkazdi va Erediviziyada 29 o‘yinda gol+pas tizimida 11+11 ko‘rsatkichini qayd etdi. U Niderlandiya chempionatining o‘tgan mavsumida natijasini yanada yaxshiladi: 27 o‘yinda gol+pas bo‘yicha 15+8 ko‘rsatkichini qayd etib, PSV qatorasiga uchinchi bor chempionlikni qo‘lga kiritishida katta hissa qo‘shdi va turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Ismoilning o‘zi izohlashicha, sermahsulligiga psixologiyadagi o‘zgarish ta’sir ko‘rsatgan: «Ilgari men xato zarba bermasligim kerakligi haqida o‘ylardim, endi esa men gol uraman, deyman!»

Saybari Chempionlar ligasida ham o‘zini ko‘rsatdi: u «Liverpul», «Yuventus», «Napoli» va bo‘lajak jamoasi «Bavariya» kabi jamoalar darvozasini ishg‘ol etgan.

«Chempionat» kolumnisti Dmitriy Bajanov uni ingliz futboli afsonasi Ueyn Runiga qiyoslaydi:

Saybari ajoyib zarba kuchi bilan ajralib turadi. Uning ajoyib zarbasi bor va u istalgan paytda bu kuchni ishlatishga tayyor. Shu ma’noda, Ismoilning o‘yin uslubi «Manchester Yunayted»ning dastlabki mavsumlaridagi – hali 8-raqam ostida o‘ynagan paytlaridagi Ueyn Runini eslatadi. Bu futboldagi o‘ziga xos testosteron edi: Runi hujumda istalgan pozitsiyada turib, darvozaga shunday zarba bera olardiki, darvozabonning g‘amgin qiyofada to‘pni to‘rdan olib chiqishdan boshqa iloji qolmasdi.

Yillar o‘tib Ueyn ancha mulohazali va universal futbolchiga aylandi, ko‘proq pleymeyker, ba’zan esa hatto rejist rolini o‘ynashga o‘tdi. Vaqt o‘tishi bilan Saybarida ham shunga o‘xshash o‘zgarish yuz berishi mumkin. Ammo hozircha Ismoil darvozabonni har qanday pozitsiyadan va har qanday masofadan dog‘da qoldirish qobiliyati bilan aynan yosh Runini eslatadi. Ular tana tuzilishi jihatidan har xil (Runi pastroq va to‘laroq, Saybari baland bo‘yli va salobatli), ammo mohiyatan o‘xshash.

«Bavariya»dagi istiqbol

O‘tgan mavsum davomida PSV bosh murabbiyi Peter Bosdan Saybarining kelajagi haqida so‘rashganida, u o‘z shogirdi jismoniy jihatdan APL darajasiga yetilgani va unda Angliyada bu borada hech qanday muammo tug‘ilmasligini aytgandi. Lekin futbolchi hozircha Germaniya chempionatiga, «Bavariya» safiga o‘tdi, nemislar klubi uni hozirgi bozor o‘lchovlarida ancha kamtarona bo‘lgan 55 million yevroga transfer qildi va u bilan 2031 yilga qadar amal qiladigan shartnoma tuzdi.

Erediviziyada porlagan hujumkor futbolchilarning barchasi ham kuchliroq ligalarda o‘sha darajani saqlab qola olmagan. Shu jihatdan, Saybarining «Bavariya»da qanday o‘ynab ketishini kuzatish qiziq. Bir tomondan, u tinimsiz gol uradigan hujumkor va liga gegemoni bo‘lgan jamoa safida o‘ynaydi. O‘tgan mavsumda Vensan Kompani boshqaruvidagi «Bavariya» futbolchilari Bundesliganing 34 turida naq 122 gol urishgan. Bu esa mutlaq rekord hisoblanadi. XXI asrda top-5 ligalardagi biror jamoa milliy chempionatda bu qadar ko‘p gol urmagan.

Bunday jamoada o‘ynaganda, yetarlicha gol urish kafolatlangan bo‘ladi. Boshqa tomondan, «Bavariya» hujum chizig‘ida kuchli raqobat mavjud. Markaziy hujumda Harri Keyn o‘rnini hech kimga bermaydi. Qanotlardagi Luis Dias va Maykl Olise ham. Olise atrofida Madridga ketishi mumkinligi haqida turlicha mish-mishlar yuribdi. Ammo «Bavariya» fransuz futbolchisi bilan xayrlashmoqchi emas. 

Shunday ekan, Saybari uchun faqat hujumchi ortidagi pozitsiya qolmoqda. Katta ehtimol bilan, unda asosiy tarkibga kirish uchun aynan shu pozitsiyada imkon bo‘ladi. Bu pozitsiya bo‘yicha raqobatchi Jamol Musiala oxirgi vaqtlarda ko‘p jarohat olmoqda, u oldingi formasiga qayta olmayapti va jahon chempionatida ham o‘zini ko‘rsata olmadi.

Serj Gnabri ham bor, ammo unda ham so‘nggi mavsumlarda jarohatlar ko‘payib ketdi. Shuningdek, o‘tgan mavsumda klubning 18 yoshli tarbiyalanuvchisi Lennart Karl porlagandi. Ammo u qanchalik barqaror o‘ynashi hozircha aniq emas. Qolaversa, Karl nafaqat hujumchi ortida, balki o‘ng qanotda ham o‘ynay oladi. Nazariy jihatdan, Saybari va Karl bir vaqtda maydonda bo‘lishi mumkin.

«Bavariya» rahbariyati xarajatlarga jiddiy qaraydi. 55 mln yevro – baribir jiddiy mablag‘. Myunxenliklar Saybari uchun shuncha pul sarfladimi, demak undan qanday foydalanishni bilishadi. Marokashlikdagi universalizm murabbiy uchun ham qo‘l keladi. U «o‘nlik» sifatida tushishi ham, qanotlarda harakat qilishi ham mumkin. O‘rni kelganda Keynning ham o‘rnini egallay oladi.

U qayerda o‘ynashini muxlislar keyingi mavsumda ko‘rishadi. Hozircha esa Ismoil jahon chempionatida hal qiluvchi o‘yin ostonasida. Uning o‘zi uchun ham hozir birinchi galdagi maqsad – Marokash bilan turnir mezbonlari Kanadani mag‘lub etib, pley-offdagi yurishini davom ettirish hisoblanadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid