Jahon | 09:50
1099
2 daqiqa o‘qiladi

Sumidagi hujumda besh yoshli qizaloq va onasi halok bo‘ldi

Rossiya Qurolli kuchlari 3 iyul kechqurun Ukrainaning Sumi shahriga aviabombalar va uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) yordamida ommaviy hujum uyushtirdi. Zarbalar oqibatida kamida to‘rt nafar inson halok bo‘ldi, 27 kishi jarohat oldi. Ular orasida yetti nafar bola ham bor.

Foto: Francisco Richart Barbeira/NurPhoto/picture alliance

Sumi viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Grigorovning ma’lum qilishicha, hujumlar shahar markaziga qaratilgan bo‘lib, snaryadlardan biri Kovpakov tumanidagi turar joy hududiga kelib tushgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zarba episentrida ko‘p qavatli turar joy, do‘kon va avtomobil yo‘li joylashgan bo‘lib, hodisa vaqtida ushbu hududda ko‘plab odamlar bo‘lgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida besh yoshli qizaloq ham bor. Shifokorlar uning hayotini saqlab qolishga uringan, ammo buning imkoni bo‘lmagan. Qurbonlardan yana biri qizaloqning onasi ekani aytilmoqda. Jarohatlanganlardan biri esa shifoxonada vafot etgan.

Mahalliy hokimiyat vakillari ma’lumotiga ko‘ra, jarohat olganlarning aksariyati og‘ir ahvolda bo‘lib, ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, 3 iyul kechqurun Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Zaporijjya shahriga ham raketa va dronlar bilan hujum qildi.

Zaporijjya viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fedorovning bildirishicha, hujumlar natijasida turar va noturar binolar, shuningdek, sanoat korxonalaridan biri zarar ko‘rgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Zaporijjyada ikki nafar mahalliy aholi halok bo‘lgan, yana 21 kishi turli darajada jarohatlangan.

Ukraina rasmiylari vayron bo‘lgan obektlarda qutqaruv va tiklash ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid