Jamiyat | 10:55
873
2 daqiqa o‘qiladi

Transport sohasida xavf tahlili raqamlashtiriladi

O‘zbekistonda avtomobil, temiryo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va yo‘l xo‘jaligi sohalarida qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni takomillashtirish maqsadida «Xavfni tahlil qilish» elektron tizimi joriy etiladi. Yangi tartib tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida huquqbuzarlik xavfini avtomatlashtirilgan tarzda baholash imkonini beradi.

Foto: Kun.uz

Adliya vazirligida avtomobil, temiryo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va yo‘l xo‘jaligi sohalarida qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda «Xavfni tahlil qilish» elektron tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Nizomga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfi avtomatlashtirilgan tarzda baholanadi. Bunda davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi.

Hujjatga muvofiq, xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik sub’yektlaridan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumotlar talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xavf darajasi avtomobil transportida yo‘lovchi va yuk tashish nazorati, avtovokzal va avtostansiyalar faoliyati, suv, temiryo‘l, elektr transporti, metropoliten hamda yo‘l qurilishi obektlari bo‘yicha alohida mezonlar asosida baholanadi.

Tadbirkorlik sub’yektlari huquqbuzarlik xavfiga ko‘ra yuqori, o‘rta va past toifalarga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi sub’yektlarda profilaktika tadbirlari va tekshiruvlar qonunchilikka muvofiq tashkil etiladi. Past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik sub’yektlarida esa tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.

Shu bilan birga, elektron tizim tomonidan aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmasligi belgilangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid