Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina Peterburgga hujum qildi
Tunda Rossiyaning turli hududlarida 400 ga yaqin dron urib tushirilgan. Moskva meri shahar tomon 200 dan ortiq dron uchib kelganini ma’lum qilgan. Peterburgdagi neft terminali hududida yong‘in chiqqan. Belgorod va uning atrofidagi hududlar elektrsiz qolgan.
Rossiya havo hujumidan mudofa kuchlari 4 iyulga o‘tar kechasi mamlakatning 18 ta regioni, anneksiya qilingan Qrim, Azov dengizi hamda Qora dengizi uzra Ukrainaning 389 ta dronini to‘xtatgan va yo‘q qildi, deb xabar berdi Rossiya mudofaa vazirligi. Rossiyaga jami qancha dron hujum qilgani ma’lum emas, harbiy idora hisobotida faqat to‘xtatilgan dronlar haqida gap ketadi.
Peterburg va Leningrad oblasti. Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov shaharga keng ko‘lamli hujum uyushtirilgani haqida xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharda va oblast hududida jami 72 ta dron urib tushirilgan, ulardan biri Petergofga qulagan. Vayrongarchiliklar va jabrlanganlar haqida aytilmagan.
Shuningdek, Peterburgning Kirov rayonidagi neft terminali hududiga ham zarba berilgan. «Bumaga» va Astra nashrlari terminalda yong‘in chiqqani aks etgan foto va videolarni e’lon qilgan.
Peterburg neft terminali Peterburgning asosiy porti yaqinida joylashgan bo‘lib, temiryo‘l, quvurlar va dengiz yo‘li orqali neft hamda neft mahsulotlarini tashishdagi muhim tugun vazifasini o‘taydi. Kirov rayonidagi ushbu obektda 3 iyun kuni, Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi ochilishi kunida amalga oshirilgan hujumdan keyin ham yirik yong‘in ro‘y bergandi.
Astra nashri aniqlik kiritishicha, neft saqlanuvchi rezervuarlar emas, terminal yaqinidan o‘tgan temiryo‘ldagi sisternalar yonib ketgan. Rasmiylarga ko‘ra, «texnogen oqibatlar» allaqachon bartaraf etilgan. Yaralanganlar yo‘q. «Bumaga» nashri terminal uzra tutun ko‘tarilmayotganini yozgan.
Leningrad oblasti gubernator Aleksandr Drozdenko xabar berishicha, Visotsk porti hududiga urib tushirilgan dronlar parchalari tushgan. Regionning bir necha rayonlarida xususiy uylar shikastlangan. Mahalliy aholi vakillaridan bir kishi jarohatlangan: ushbu ayolga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan, u shifoxonaga yotishdan bosh tortgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Peterburgga hujum yuzasidan ma’lumot berdi. «Ukraina mudofaa kuchlari Rossiya urushi uchun daromad keltiruvchi portning neft infratuzilmasiga zarba berdi, shuningdek, muhim harbiy nishon – Kronshtadtga ham zarba berildi. Ukraina davlat chegarasidan masofa – 850 kilometrdan ortiq», – degan u ijtimoiy tarmoqlarda.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi gap RF Boltiq floti «Kronshtadt» bazasi punkti haqida ketayotganini qo‘shimcha qilgan. Idora port hududida yong‘in chiqqanini tasdiqlagan.
Ukrainlarning Peterburgga hujumi fonida Finlandiya mudofaa kuchlari 4 iyul tongida Fin qo‘ltig‘ining sharqiy qismida havo va dengiz kemalari harakatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishini ma’lum qildi.
Finlandiya qurolli kuchlari matbuot xizmati Yle jurnalistlariga bergan izohida, bu cheklov Ukrainaning Rossiyaga qarshi harbiy harakatlari bilan bog‘liqligini bildirgan, ammo tafsilotlar keltirilmagan. Finlandiya hududida dronlar harakati qayd etilmagan.
Belgorod. Belgorod shahri va aglomeratsiya 3 iyul kuni kechqurun Ukraina qurolli kuchlari hujumlari tufayli zulmat ichida qoldi. Shaharda elektr ta’minotida uzilishlar bo‘layotgani haqida «Pepel Belgorod» va «Ostorojno, novosti» manbalari xabar bergan. «Pepel Belgorod» ma’lumotiga ko‘ra, shahardagi barcha asosiy nimstansiyalar bo‘ylab bir vaqtda raketa zarbalari berilgan. «Luch» issiqlik elektr markazlari hududida yong‘in chiqqan.
Exilenova+
Belgorod oblasti hukumati Ukrainaning yopirilma zarbalari tufayli elektr energiyasi va ichimlik suv uzatishda muammolar yuzaga kelganini tan olgan. Region rahbari Aleksandr Shuvayev hujum oqibatida infratuzilma obektlari shikastlangani, bir qancha infratuzilma obektlari hududida yong‘inlar ro‘y berganini tasdiqlagan. Ammo bular qanday obektlar ekaniga aniqlik kiritilmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida jarohatlanganlar yo‘q.
Moskva. So‘nggi bir kun ichida Ukraina Moskva oblasti tomon 200 dan ortiq dron uchirdi, deyiladi Moskva shahri meri Sergey Sobyaninning 4 iyul kuni soat 11 da bergan hisobotida. Uning so‘zlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari dronlarning katta qismini «shaharga kirib kelmasidan zararsizlantirgan». Ukrainaning 62 ta droni Moskva chekkalarida urib tushirilgan. U hujum oqibatlari to‘g‘risida xabar bermagan. TASS davlat agentligi xabarida bu Moskvaga so‘nggi ikki yil ichida amalga oshirilgan eng yirik hujum bo‘lgani qayd etilgan.
Anneksiya qilingan Qrim. Yarimorolning RF tomonidan tayinlangan rahbari Sergey Aksenovga ko‘ra, Ukraina harbiylari tomonidan 4 iyulga o‘tar kechasi amalga oshirilgan hujum oqibatida mahalliy aholi vakillaridan bir kishi halok bo‘lgan. Ikki kishi, jumladan, 10 yoshli bola yaralangan.
Bundan tashqari, Udmurtiyada Ukraina tomonidan hududdagi korxonalardan biri tomon uchirilgan raketa urib tushirilgan. Hudud gubernatori Aleksandr Brechalovga ko‘ra, vayrongarchiliklar va jabrlanganlar yo‘q.