Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tehrondagi dafn marosimi: Xominaiyning uch o‘g‘li ko‘rinish berdi
Eron davlat televideniyesi Tehrondagi yirik diniy majmuada tizib qo‘yilgan tobutlar ortida Mustafo, Maysam va Mas’ud Xominaiy duo qilayotganini namoyish etdi.
5 iyun kungi dafn marosimida Eronning marhum rahbari Ali Xominaiyning uch o‘g‘li ko‘rinish berdi. Eron davlat televideniyesi Tehrondagi yirik diniy majmua — Katta Musallo hovlisida tizib qo‘yilgan tobutlar ortida Mustafo, Maysam va Mas’ud Xominaiy duo qilayotganini namoyish etdi.
Three sons of slain Iranian leader Ayatollah Ali Khamenei prayed beside his coffin, but Mojtaba, the son who succeeded him as Iran's supreme leader, did not make an appearance https://t.co/2gnyAzlAhQ pic.twitter.com/lKjLaw4cwY
— Reuters (@Reuters) July 5, 2026
Ularning otasi – Ali Xominaiy oilaning boshqa bir necha a’zolari bilan birga joriy 28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi urush boshlagan paytdagi aviazarba oqibatida halok bo‘lgandi. Tomonlar otashkesimga erishgunga qadar bir necha oy davom etgan urush butin Yaqin Sharqda o‘lim va vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi.
Davlatga bo‘lgan ommaviy sadoqat va inqilobiy g‘ayratni namoyish etish maqsadida Islom Respublikasi Xominaiy uchun bir haftalik ommaviy dafn marosimlarini o‘tkazmoqda. Jumladan, uning jasadini qo‘shni Iroqdagi shialarning muqaddas qadamjolariga ham olib borish rejalashtirilgan.
Eronning yuqori martabali rahbarlari va xorijiy rasmiylar vidolashishi uchun bir kun davomida yopiq binoda qoldirilgan Xominaiyning tobuti shanba kuni shisha g‘ilof ostida namoyish etildi.

Yangi rahbar ko‘rinish bermadi, ammo millionlab odamlar keldi
28 fevral kungi hujumda yaralangani aytilayotgan Mujtabo hali ham jamoatchilik orasida ko‘rinishi bergani yo‘q: uning biror-bir surati ham e’lon qilinmadi.
Reuters manbalariga ko‘ra, Mujtabo Xominaiyning yuzi jiddiy jarohatlangan va uning bir yoki ikkala oyog‘i og‘ir shikastlangan. Bu haqda uning yaqin atrofidagilar agentlikka ma’lum qilgan.

Yakshanba kunga kelib yana o‘n minglab motamdorlar, jumladan harbiylar, diniy madrasa talabalari hamda oddiy xalq marhumlarga hurmat bajo keltirish uchun Musalloga oqib keldi. Ular qo‘llarida Amerika va Isroildan o‘ch olish va’dalari bitilgan bayroqlarni hilpiratib turishgandi.
Marosimda Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon va parlament spikeri Muhammad Boqir G‘olibof ham tobutlar ortida duo qilgani ko‘rindi.

Odamlar oqimi ko‘pligi sababli vidolashuv marosimi qariyb bir soatga uzaytirilib, tungi soat 22:00 gacha davom etgan.
Eron metro tarmog‘i rasmiylarining ma’lum qilishicha, odamlar markazga oqib kelishi natijasida shanba oqshomidan yakshanba tongigacha 7 million yo‘lovchi tashish qayd etilgan.
Dushanba kuni Tehron markazida ulkan motam yurishi o‘tkaziladi. Shundan so‘ng, jasad seshanba kungi marosimlar uchun Eron shia iyerarxiyasining markazi – Qum shahriga olib boriladi. Uning jasadi quruqlik orqali maxsus transport vositasida ko‘chiriladi.

U yerdan jasad chorshanba kuni shialarning muqaddas ziyoratgoh shaharlari — Najaf va Karbalodagi marosimlar uchun Iroqqa samolyotda olib boriladi. Payshanba kuni esa u yana Eronga qaytarilib, Mashhaddagi navbatdagi motam yurishidan so‘ng, Imom Rizo maqbarasi yaqiniga dafn etiladi.
Tinchlik muzokaralari to‘xtab turibdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Axios'ga bergan intervyusida dafn marosimi bilan bog‘liq tadbirlar sababli Eron tinchlik muzokaralari bir haftaga to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Vashington bilan tuzilgan kelishuvga ko‘ra, to‘rt oy davom etgan urush otashkesim orqali to‘xtatildi. Eron rasmiylarining ta’kidlashicha, bu kelishuv yakunda ulkan iqtisodiy foyda keltiradi va buni ular o‘ta qudratli davlat ustidan qozonilgan g‘alaba deb baholamoqda.
Urush davomida 3000 dan ortiq odam halok bo‘ldi, ular orasida Eronning ko‘plab eng yuqori martabali siyosatchilari va harbiy qo‘mondonlari bor. Harbiy bazalar va yirik infratuzilma loyihalari vayron qilinib, milliardlab dollar zarar yetkazildi.
Biroq Eron mintaqadagi AQSh bazalariga muvaffaqiyatli zarbalar berdi, ularni qabul qilgan Fors ko‘rfazi arab davlatlariga talafot yetkazdi va Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratini o‘rnatdi. Bu esa jahon energiya narxlarining keskin ko‘tarilishiga olib keldi. AQSh prezidenti Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu omil uni tinchlik o‘rnatish jarayonini tezlashtirishga majbur qilgan.
O‘tgan oyda erishilgan muvaqqat kelishuv Eronning xorijdagi milliardlab dollarlik muzlatilgan aktivlarini ochishni hamda Eron iqtisodiyotini tizzaga cho‘ktirgan moliyaviy sanksiyalardan istisnolar berilishini ko‘zda tutadi.
Mavzuga oid
08:33 / 02.07.2026
Eron Ali Xominaiy bilan xayrlashadi
21:57 / 01.07.2026
O‘zbekiston delegatsiyasi Eron oliy rahbarining dafn marosimida ishtirok etadi
22:59 / 30.06.2026
400 kg uran nega 60 foizgacha boyitilgan? Eron elchisining javobi
14:37 / 30.06.2026