Jahon | 11:05
1387
2 daqiqa o‘qiladi

Kanada Germaniyadan 12 ta zamonaviy suvosti kemasini sotib oladi

Kanada Germaniyaning TKMS kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan 212CD rusumli 12 tagacha noyadroviy suvosti kemasini xarid qilishga qaror qildi. Berlin ushbu qarorni NATO doirasidagi mudofaa hamkorligini mustahkamlaydigan muhim qadam sifatida baholamoqda.

Foto: Carsten Rehder/dpa

Germaniya kansleri Fridrix Mers Kanada Germaniyaning TKMS (Thyssenkrupp Marine Systems) kompaniyasini tanlaganini «kuchli siyosiy signal» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bu qaror NATO sammiti arafasida transatlantik va Yevropa davlatlari o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Avvalroq Kanada bosh vaziri Mark Karni mamlakat Germaniya va Norvegiya hamkorligida ishlab chiqilgan 212CD turidagi 12 tagacha noyadroviy suvosti kemasini sotib olishini rasman e’lon qilgan edi.

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistoriusning aytishicha, ushbu loyiha amalga oshirilsa, Germaniya, Norvegiya va Kanadaning birlashgan suvosti floti dunyodagi eng yirik va eng zamonaviy noyadroviy suvosti kuchlaridan biriga aylanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uch davlat jami 24 ta suvosti kemasi orqali Shimoliy Atlantika, Arktika va Uzoq Shimol hududlarida to‘plangan razvedka ma’lumotlarini tezkor almashish, tahlil qilish va ulardan birgalikda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu NATOning Arktikadagi xavfsizlik strategiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful ham Kanada tanlovini yuqori baholab, Ottava dunyodagi «eng yaxshi noyadroviy suvosti kemalari»ni tanlaganini ta’kidladi. Uning fikricha, mazkur bitim Germaniya, Norvegiya va Kanada o‘rtasida mudofaa hamda sanoat sohasida hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi.

Ma’lum qilinishicha, milliardlab yevrolik ushbu shartnoma uchun TKMS kompaniyasi Janubiy Koreyaning Hanwha Ocean kompaniyasi bilan raqobatlashgan. Kemalarga keyingi o‘n yilliklarda xizmat ko‘rsatish va ularni ekspluatatsiya qilish xarajatlari ham inobatga olinganda, bitimning umumiy qiymati taxminan 100 milliard yevroga yetishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid